Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Jamiyatning iqtisodiy transformatsiyasida ta’lim sifatining o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir oliy ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish va ushbu sohaga ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish maqsadida tashkil etildi.
Unda 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan xalqaro ekspertlar, ta’lim sohasi yetakchilari hamda xalqaro tan olingan akkreditatsiya va reyting tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, mahalliy davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, respublikamizdagi xorijiy elchixona hamda vakolatxonalar mas’ullari ishtirok etdi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Odil Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochdi.
Tadbirda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Singapur, Finlyandiya, Belgiya, Avstriya, Germaniya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlarning taqdimotlari tinglandi.
Oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlar, normalar va shakllar asosida oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash, ular faoliyatini “Universitet 4.0." konsepsiyasi bo‘yicha transformatsiya qilish, xalqaro reytinglaridagi o‘rnini yuksaltirish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini bosqichma-bosqich institutsional xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga qaratilgan dolzarb mavzular muhokama qilindi. Jahon mehnat bozori standartlari talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari, akkreditatsiya tashkilotlari, xalqaro ta’lim assotsiatsiyalari, ta’limni boshqarish va isloh qilishga ixtisoslashgan boshqa xorijiy tashkilotlar rahbarlari, yetakchi ekspertlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi, fikr-mulohazalar almashildi. Oliy ta’lim muassasalarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilab olindi.
M.Qosimova, O‘zA