Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyatni umumiy maqsadlar atrofida jipslashtirishga qaratilgan da’vat
14:27 / 2025-12-27

Munosabat

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida mamlakatimiz qo‘lga kiritgan ulkan natijalar e’tirof etilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Mazkur dasturilamal Murojaatnomaning ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva O‘zA muxbiriga o‘z munosabatini bayon qildi:

— Jahondagi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar kuchayib borayotgan, islohotlar esa qat’iyat va aniqlikni talab qilayotgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim siyosiy voqea sifatida yangradi.

Mazkur Murojaatnoma faqat o‘tgan yil sarhisobi emas, balki davlat va jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalarga aniq javob, kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi strategik yo‘l xaritasi bo‘ldi. Unda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy farovonlikni yuksaltirish, davlat boshqaruvini takomillashtirish va tashqi siyosatda izchillikni saqlashga qaratilgan ustuvor maqsadlar mujassam etildi.

Prezident Murojaatnomasida 2025 yilda mamlakat iqtisodiy ko‘rsatkichlarida muhim va rekord natijalar qayd etilgani ta’kidlandi. Jumladan, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) ilk bor 145 milliard AQSH dollaridan oshdi, eksport hajmi sezilarli darajada o‘sdi.

Shu bilan birga, aholi farovonligini oshirish yo‘lida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 715 mingga yaqin xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlandi, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Davlat rahbari nutqida mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy maqsadlari ham aniq belgilab berildi. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 240 milliard AQSH dollaridan oshirish maqsadi qo‘yilib, bu yangi rivojlanish bosqichiga o‘tish yo‘lida muhim strategik qadam sifatida baholandi.

Murojaatnomada tashqi siyosat masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi global geosiyosiy vaziyatda O‘zbekiston barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettirishi ta’kidlandi. Yaqin qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, transport, energetika, ekologiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Shuningdek, Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan Murojaatnoma mamlakat taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo‘yilayotganini yaqqol namoyon etdi. Unda belgilangan maqsad va vazifalar iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy sohani izchil rivojlantirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda tashqi siyosatda muvozanatni saqlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Murojaatnoma davlat organlari uchun aniq amaliy vazifalarni belgilab bergan dasturiy hujjat bo‘lish barobarida, jamiyatni umumiy maqsadlar atrofida jipslashtirishga xizmat qiladi. Unda ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga xizmat qilishi, islohotlarning izchil va ortga qaytmas tus olishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA