Surxondaryo viloyatida 15 oktyabr–Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda.
Janubdagi vohada yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan hamda Yangi O‘zbekistonga munosib farzandlarni kamolga yetkazayotgan qishloq ayollarining viloyatdagi asosiy bayram tadbiri Termiz shahrida bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan oila instituti mustahkamlab, jamiyatda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, eng faol qishloq ayollariga sovg‘a–salomlar ulashildi.
Ayni paytda vohada 1 million 400 mingdan ortiq xotin-qiz istiqomat qiladi. Ularning qariyb 1 millioni qishloqlarda yashaydi.
Viloyatda tadbirkor, fermer va hunarmand ayollarni qo‘llab–quvvatlab, ularning o‘z biznesini yanada yuksaltirishiga qulay muhit yaratilmoqda. Imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilayotir. Tibbiyot, ta’lim va boshqa sohalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz mehnatlari munosib rag‘batlantirilmoqda. Ishsiz qishloq ayollarining bandligi ta’minlanib, “Ayollar daftar”iga kiritilgan xotin-qizlarga har taraflama yordam ko‘rsatilmoqda. Uy-joy muammolari hal etilib, munis onaxon va momolarning, dilbar opa–singillarning qadri ulug‘lanmoqda.
San’atkorlarning konsert dasturi bilan davom etgan fayzli dasturxon atrofidagi tadbir qishloq ayollariga bayram kayfiyatini ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri