Jamiyatdagi yangilanishlar saylovga yangicha yondashuvni yuzaga keltirmoqda
Mamlakatimizda rasman faoliyat olib borayotgan partiyalar, ijtimoiy tarmoqlar, hatto oddiy davralarda boʻlayotgan suhbatlar shundan dalolat bermoqdaki, joriy yil dekabr oyida boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga deputatlik saylovlari avvalgilaridan boshqacha, yaʼni koʻpchilikning faol ishtiroki bilan oʻtadi.
Mamlakatimizda rasman faoliyat olib borayotgan partiyalar, ijtimoiy tarmoqlar, hatto oddiy davralarda boʻlayotgan suhbatlar shundan dalolat bermoqdaki, joriy yil dekabr oyida boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga deputatlik saylovlari avvalgilaridan boshqacha, yaʼni koʻpchilikning faol ishtiroki bilan oʻtadi.
Ushbu fikr Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tomonidan “Saylovlar: gʻalaba strategiyasi va taktikasi” mavzusida oʻtkazilgan oʻquv seminari ishtirokchilari tomonidan bildirildi.
– Keyingi yillarda yurtimizda roʻy bergan oʻzgarishlar, yangilanishlar odamlarning dunyoqarashi, davlat, jamiyat boshqaruviga munosabatini oʻzgartirdi, – deydi partiyaning Sharof Rashidov tumani kengashi apparati rahbari Farhod Mamatqulov. – Haq-huquqini anglagan bugungi saylovchini asoslanmagan dasturlarga, quruq vaʼdalarga ishontirib boʻlmaydi.
Boʻlajak saylovlarga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida partiya hududiy kengashlari apparat rahbarlari, tashkiliy-partiyaviy ishlar, ayollar va yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, mutaxassislar ishtirok etayotgan oʻquv mashgʻulotlarini oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, siyosatshunoslik sohasi malakali mutaxassislari oʻtdi.
Seminarda tinglovchilar guruhlarga boʻlingan holda nomzodlarni saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish va oʻtkazish hamda ularning kuchli va kuchsiz jihatlarini tahlil etish borasida amaliy mashgʻulot oʻtkazildi. Mashgʻulotlarda saylovlarda nomzodning ishonchli vakili, kuzatuvchi hamda vakolatli vakillarning huquq va majburiyatlari boʻyicha ham guruhlararo fikr almashildi.
– Saylov qonunchiligi taraqqiyoti bugun saylovchilar va deputatlikka nomzodlarning demokratik prinsiplariga mos boʻlgan saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini beradi, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Jizzax hududiy boʻlinmasi shoʻba mudiri Jahongir Bobobekov. – Buni biz yaqinda qabul qilingan “Saylov kodeksi” orqali koʻrishimiz mumkin. Bugungi oʻquv-seminarda aynan Saylov kodeksida belgilangan qoida va meʼyorlarning ishtirokchilarga tushuntirilishi saylovlarning shaffof va qonunga muvofiq oʻtishiga yordam beradi.
Mashgʻulotlar jarayonida partiya saylovoldi dasturi va asosiy gʻoyalarining mazmun-mohiyati, partiyaning saylovlarda ishtirokini samarali tashkil etish usullari borasidagi bilim va koʻnikmalarni oshirish, faoliyatga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda boshqa bir qator yoʻnalishlar qamrab olindi.
Oʻquv-seminarlarda ishtirokchilar tomonidan saylovlarning demokratik asosda oʻtishini va shaffofligini taʼminlash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Bahs-munozaralar bilan oʻtgan mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga tajribali mutaxassislardan javob oldi.