French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyatdagi yangilanishlar qonuniylik va xolislik asosida yoritilishi kerak
17:36 / 2022-09-26

Surxondaryo viloyatida Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari hamda tashkilotlarining axborot xizmati xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva media hamjamiyatining jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda feyk va turli axborot xurujlariga qarshi kurashishdagi o‘rni, media hamda huquqiy savodxonlikni ilgari surishdagi ahamiyati, huquqiy manbalar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha so‘z yuritdi. Adliya tizimidagi yangiliklar, adliyaning asosiy qadriyatlari, ochiqlik va shaffoflik, qonuniylikni ta’minlash borasidagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Prezidentimizning 2022 yil 14 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati xususida fikr almashildi. Mazkur hujjatda matbuot kotiblarining baholash reytingidagi natijalar davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini baholashda inobatga olinishi alohida ta’kidlanib, bu vazifa matbuot kotiblari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi alohida ta’kidlandi.

Sohaga oid materiallarni yoritishda qonuniylik, xolislik va ob’ektivlikni ta’minlash, tanqidiy materiallarga tezkorlik bilan rasmiy munosabat bildirish, media makonda axborot xizmatlarining o‘rni va rolini yanada kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Sunnatillo Abdurasulovning 2022 yilning o‘tgan davrida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi. Qayd etildiki joriy yilning o‘tgan davrida viloyat adliya boshqarmasi jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 4 ming 943 ta murojaatning 4 ming 893 tasini hal etib, ularning 3 ming 42 tasi yoki 62,7 foizi qanoatlantirildi. 1 ming 830 tasiga huquqiy tushuntirish berilib, 7 tasi rad etildi. Boshqarmaning “Ishonch telefoni” ga kelib tushgan 100 ta murojaatning 95 tasi hal etilib, 40 tasi yoki 38 foizi qanoatlantirildi. 54 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 1 tasi rad etildi.

Murojaatlarning 1 ming 105 tasi mehnat nizolari, 207 tasi ijtimoiy himoyaga doir hamda 210 tasi ta’limga oid masalalar bo‘lib, jami shikoyatlarning 49 foizini tashkil etadi. Hisobot davrida 842 ta o‘rganish,764 ta monitoring o‘tkazilib, 34 mingdan ortiq qonun buzilish aniqlandi. Ularni bartaraf etish yuzasidan 3 ming 619 taqdimnoma, 492 ta ma’muriy,7 ta jinoiy javobgarlikka tortish haqida taklif kiritildi. 

Hozirgacha 57 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 329 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. 4 ming 157 ta noqonuniy hujjat bekor qilindi. 17 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qonuniy egalariga qaytarildi. Shuningdek, anjumanda sudlarga kiritilgan davo arizalari, joylarda davlat xizmatlari ko‘rsatish, yuridik xizmat va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi amalga oshirgan ishlar chuqur tahlil qilindi. 

Ma’lumki, Prezidentimizning “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan adliya tizimida yagona boshqaruv joriy etilib, Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi. Shunga muvofiq tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman, shahar adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib, yagona adliya bo‘limlariga aylantirildi. Endilikda ular bitta binoda faoliyat yuritmoqda.

Ishtirokchilar farmonning mazmun-mohiyati va ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi. “Raqamlashtirish davrida media va feyk xabarlar: huquqiy va axloqiy omillar” nomli qo‘llanma taqdimoti o‘tkazildi. Anjuman qatnashchilarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Tadbir qatnashchilari viloyat adliya boshqarmasining zamonaviy binosi bilan yaqindan tanishdi. Termiz shahar adliya bo‘limiga uyushtirilgan press-tur barchada katta taassurot qoldirdi. Salobatli zamonaviy binoda ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmati xodimlari, blogerlar aholi va tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shahar yuridik xizmat ko‘rsatish hamda davlat xizmatlari markazi va FHDYO bo‘limi xodimlari, aholi vakillari bilan dildan suhbatlashib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri