French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyatdagi og‘riqli muammo: bola tarbiyani kimdan olsin?!
16:36 / 2025-08-18

Farzand – har bir millatning ertangi kuni, jamiyatning eng bebaho boyligi. Uning jismoniy, ruhiy va aqliy sog‘lig‘i – yurt taraqqiyoti, salohiyati va ijtimoiy barqarorlik poydevori. Afsuski, bugungi kunda ayrim hollarda bolalarning sha’ni, huquqlari, insoniy qadriyatlari poymol bo‘layotgani jamiyatda og‘riqli muammoga aylanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar, ota-onalarning shikoyatlari hamda ayrim bog‘chalarda ro‘y berayotgan hodisalar jamiyatimizda bolalar himoyasiga oid tizimlarning zaifligini ochiqlab qo‘ymoqda.

Yaqinda defektolog deb tanilgan shaxsning bolalarni itdek vovullashga majbur qilgani haqidagi video jamoatchilikda keskin norozi munosabat uyg‘otdi. Aslini olganda, tibbiy-pedagogik ko‘rsatmalarda bu kabi usul mavjud emas. Bu – bolani kamsitish, unga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazishdir. Ushbu holat nafaqat bolani tahqirlashi, balki uning kelajakdagi ruhiy hayotida og‘ir iz qoldirishi mumkin. Ushbu holatdan so‘ng jamiyatda defektolog yoki psixolog degan nomni olgan har qanday shaxs bu lavozimga haqiqatda loyiqmi, degan savol ochiq qolmoqda…

Ko‘p kuzatilayotgan holatlardan biri – bolalar ishtirokida “ko‘ngilochar” deb nomlanayotgan videolarda ularga tazyiq o‘tkazilishi. Masalan, bolalarni bir-biri bilan oshxona jihozlari bilan urishtirish, masxara qilish va ushbu videoni hazilomuz material sifatida keng jamoatchilikka tarqatish naqadar xunuk ish. Bu jamiyatimizda ba’zi oilalarda bolalarga bo‘lgan munosabat qandayligini ochiqdan-ochiq ko‘rsatib beradi. Afsuski, minglab insonlar bu kabi videolarni tomosha qilmoqda, ularga “like” bosib va buni shunchaki oddiy video sifatida qabul qiladi. Bu esa qolganlarni ham bunday kontent yaratishga yanada ko‘proq undamoqda. Shunday qilib, biz tomoshabinlar bevosita zo‘ravonlikni o‘zimiz bilmagan holda rag‘batlantirayapmiz.

O‘zini pedagog deb biladigan ayrim tarbiyachilar bog‘chalarda bolalarni haqorat qilish, jazolash, ba’zida urishga qadar borayotgani haqida ota-onalarning ko‘plab shikoyatlari bor. Jamoatchilik e’tiboriga tushgan videoyozuvlar, bolaning qo‘lida ko‘karishlar, ruhiy tushkunlik holatlari bu muammolarning real va chuqur ildizga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Bog‘cha bu bolaning jamiyat bilan birinchi tanishuvi. Bu yerda mehr, ishonch, e’tibor eng muhimi bo‘lishi kerak edi. Afsuski, ayrim joylarda bu muassasalar bolaning psixologik travma oladigan joyiga aylanmoqda.

Bu kabi holatlarni sanasak, afsuski sanog‘imiz uzoq davom etadi. Bola tarbiyasi va uning jamiyatga moslashuvi ijtimoiy jarayon. U dunyoga qay ko‘z bilan boqishi va qanday inson bo‘lishga intilishi atrof-muhit, ya’ni siz-u bizga bog‘liq. Jamiyatimizda bolalar huquqining toptalmasligi va yuqoridagi vaziyatlarning takrorlanmasligi uchun har bir ta’lim va sog‘lomlashtirish muassasasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish tizimi ishlashi kerak. Bu ichki nazoratdan tashqari, mustaqil monitoring orqali ham amalga oshirilishi zarur.

Blogerlar va kontent yaratuvchilar uchun alohida qonuniy cheklovlar va etik me’yorlar ishlab chiqilishi kerak. Bola ishtirok etgan har qanday videokontent maxsus ko‘rikdan o‘tishi lozim. Har bir fuqaro, ayniqsa ota-onalar, o‘z bolasi bilan nima sodir bo‘layotganini chuqur tahlil qilishi kerak. “Tarbiya”, “davo”, “o‘rgatish metodi” niqobi ostidagi har qanday kamsitish va qiynoqqa darhol e’tiroz bildirilishi, tegishli tashkilotlarga murojaat qilinishi lozim. 

Bugungi jamiyatda bolalar nafaqat mehr-muhabbat, balki kuchli himoyaga ham muhtoj. Ularning huquqlari, sha’ni va qadriyatlari to‘liq ta’minlanishi – sog‘lom va barqaror kelajak kafolatidir. Bolalar himoyasi va ularning haq-huquqlari nafaqat UNICEF, Bolalar ombudsmani va boshqa huquq tartibot organlari, balki jamiyatdagi har bir fuqaroning insoniylik vazifasidir.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA