English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyatda tenglik va inklyuzivlikni ta’minlovchi konstitutsiyaviy me’yor
11:34 / 2025-12-08

Bugungi kunda jamiyatda inson qadrini yuksaltirish va har bir fuqaroga teng imkoniyat yaratish masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, mehnatga layoqatsiz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy ehtiyojmand toifalarning hayotini yaxshilash, ularni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida qo‘llab-quvvatlash masalasi alohida e’tiborda.

Konstitutsiyaning 57-moddasi ana shunday oliy maqsadni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ushbu toifadagi fuqarolar huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, ularning hayot sifati va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq kafolatlarni belgilab beradi.

Moddaning birinchi qismida mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy jihatdan boshqa toifalarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yilgan. Bu — davlat ushbu toifalarga nisbatan doimiy, kafolatli va tizimli qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirishga majbur ekanini anglatadi. Ya’ni, ularning xavfsizligi, munosib hayot sharoiti va huquqiy muhofazasi davlat zimmasida.

Moddaning ikkinchi qismida davlatning vazifalari yana ham aniqlashtiriladi.

Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirish, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratish hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Bu orqali davlat ijtimoiy yordamni faqat moddiy ko‘mak sifatida emas, balki insonning o‘z hayotini mustaqil qurishiga imkon beradigan keng qamrovli tizim sifatida ko‘radi. 

Uchinchi qismida esa nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hayotning barcha sohalarida teng imkoniyat yaratish masalasi alohida ta’kidlanadi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi. Bularning barchasi haqiqiy inklyuziv jamiyatni barpo etishni anglatadi. 

Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tashkilotlariga ishga qabul qilish amaliyoti ana shu moddaning amaldagi ifodasidir. Bu jarayon ularning boshqalar kabi teng huquqli ekanini, qobiliyati va mehnati jismoniy imkoniyatdan ustun tura olishini isbotlaydi. Shu bilan birga, jamiyatda inson qadri va tenglik tamoyillarining kuchayib borishiga katta yordam beradi.

Nigora Rahmonova, O‘zA