Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyat taraqqiyotida gender tenglik imkoniyatlar kafolati
19:50 / 2025-09-15

BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 8 noyabrdagi rezolyutsiyasiga ko‘ra, har yili 15 sentyabr – “Xalqaro demokratiya kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu sana xalqaro hamjamiyat uchun inson huquqlari, erkinlik, adolat, ijtimoiy tenglik kabi qadriyatlarni targ‘ib qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston ham mustaqillikka erishganidan buyon demokratik qadriyatlarni milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab kelmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, qabul qilinayotgan gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha qonunlar, inson huquqlariga oid milliy strategiyalar mazkur jarayonning amaliy ifodasidir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosiy g‘oya sifatida mustahkamlanib, inson huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilandi. Bu yondashuv, avvalo, yoshlar va ayollar huquqlarini yanada kengroq kafolatlashda o‘z aksini topmoqda. Bugun yosh avlodning ta’lim olishi, ilm-fan va texnologiya olamida o‘z o‘rnini topishi, davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotida faol qatnashishi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayollarning huquq va erkinliklari esa faqat qog‘ozda emas, balki hayotiy amaliyotda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Ular siyosiy maydonda ham, tadbirkorlikda ham, ilm-fanda ham o‘z salohiyati bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Endilikda gender tenglik davlat siyosatining ajralmas tamoyiliga aylangan bo‘lib, bu esa har bir fuqaro – yoshi, jinsi va kasbidan qat’iy nazar – imkoniyatlar tengligidan bahramand bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Bugungi kunda ayollar nafaqat oilaning bekasi, balki siyosat, iqtisodiyot, ta’lim, ilm-fan, tadbirkorlik, ya’ni jamiyatimizning barcha qatlamlarida faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, 2024 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylanganlar tarkibida ayollar ulushi 38 foizga yetdi. Shuningdek, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 43 ming 860 ta kichik biznes va mikrofirmalarni ayollar boshqarmoqda. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 6,3 foizga ko‘p degani. 

Bugungi kunda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalarning 52 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu respublikamizda ayollarning ilm-fanga bo‘lgan e’tiborining yorqin tasdig‘idir. Tadqiqotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tarmog‘i kengaytirilgani natijasida ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 12 foizga o‘sdi. Shuningdek, kreditlar va subsidiya dasturlari orqali 206,6 ming nafar ayol tadbirkorlikka jalb qilindi. 

Olib borilayotgan o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston gender tenglik bo‘yicha xalqaro reytinglarda yil sayin yuqorilab bormoqda. Jumladan, 2022 yilda mamlakatimiz 103-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, oradan ikki yil o‘tib, 2024 yilda 52-o‘ringa ko‘tarildi. Bu raqamlar ortida millionlab ayollarimizning orzulari, intilishlari va ularni qo‘llab-quvvatlayotgan davlat siyosati mujassam.

Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar har bir ayolning qalbiga ishonch, orzulariga qanot bag‘ishlamoqda. Ijtimoiy himoya tizimida onalik va bolalikni asrash, ko‘p farzandli onalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan ayollar uchun qulay sharoitlar yaratish singari ezgu ishlar jamiyatimizda mehr-muruvvat tuyg‘ularini yanada kuchaytirmoqda.

Ayolga bo‘lgan ehtirom – aslida hayotga bo‘lgan ehtiromdir. Chunki ayolning tabassumida nur, sabrida kuch, mehrida esa butun bir xalqning qudrati mujassam. Shunday ekan, ayollarimizning har bir orzusi, har bir tashabbusi davlat va jamiyat qo‘lloviga sazovor bo‘layotgani Yangi O‘zbekistonning eng katta yutuqlaridan biridir. Bugun O‘zbekiston ayoli o‘zini dadil, ishonchli, ertangi kunini yorqin tasavvur eta oladigan shaxs sifatida namoyon qilmoqda. Ularning orzulari qanot yozsa, jamiyatning kelajagi ham shunchalik porloq bo‘ladi. 

Gulsanam Norova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA