English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyat qudrati oiladan boshlanadi
19:30 / 2026-01-19

Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar masalasi davlat siyosatining muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, roli hamda ijtimoiy mavqei yanada mustahkamlanib bormoqda.

Xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish “Inson qadri uchun” degan ezgu va ulug‘vor g‘oya hamda Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi asosida olib borilayotgan izchil islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur” jamiyat hayotiga samarali tatbiq etilmoqda. Ushbu dastur xotin-qizlarning ta’lim olishi, bandligi, tadbirkorlik faoliyati, ijtimoiy himoyasi hamda boshqaruv tizimidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgani bu boradagi islohotlarning uzviy davomi ekanini yaqqol namoyon etadi.

Olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasidagi ishtiroki esa 45 foizga yetdi.

Bu kabi ko‘rsatkichlar xotin-qizlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2025 yil 14 martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirish uchun mustahkam huquqiy va amaliy asos bo‘ldi.

Shu ma’noda, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ham oilalar tinchligini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, ularning kasbiy salohiyati va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Institut faoliyati “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zero, oiladagi barqaror va sog‘lom muhit mamlakatdagi ijtimoiy barqarorlik va ma’naviy yuksalishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois, oilalar mustahkamligini ta’minlash, ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va ularning osoyishta hayotini kafolatlash davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.

Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, oilaning muqaddasligi va farovonligini ta’minlashda onaning oqilaligi, otaning mas’uliyati, mehr-muruvvat, sadoqat va vafodorlik ustuvor ahamiyatga ega. Jamiyatimizda oila qadriyati, farzand tarbiyasi, ota-onalik burchi hamda ayolga bo‘lgan hurmat eng muhim ijtimoiy mezonlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Oldimizda ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan ma’naviy boyliklarni, xususan, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar ongida oilaga hurmat, uni muqaddas deb bilish, oila oldidagi mas’uliyat va burch tuyg‘ularini yanada yuksaltirish kabi muhim vazifalar turibdi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, oila va xotin-qizlar masalasiga oid vazifalar faqat davlat idoralari yoki alohida mutasaddilar zimmasidagi mas’uliyat emas. Bu, ona Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan, milliy qadriyatlarimizni ardoqlagan, oila muqaddasligini anglagan har bir fuqaroning insoniy burchi va fuqarolik mas’uliyatidir.

Zero, jamoatchilik ta’siri – jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan ulkan ma’rifiy kuchdir. Ana shu kuch birlashgan holda harakat qilgandagina sog‘lom oila, barqaror jamiyat va inson qadri ulug‘langan Yangi O‘zbekistonni barpo etish mumkin.

Maqolaga  Prezidentimizning “Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi”, degan so‘zlari bilan nuqta qo‘yishni joiz deb bildim.

Farida ABDURAHIMOVA,

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti

bo‘lim boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, professor.

O‘zA