Jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin
Unda Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar hamda undan kelib chiqadigan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtayotgani haqida xabar bergan edik.
Unda Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar hamda undan kelib chiqadigan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Yigʻilishni parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov kirish soʻzi bilan ocharkan, mamlakatimizning porloq kelajagi, ravnaqi va barqarorligi, dunyo mamlakatlari ichida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi soʻzsiz innovatsion bilimlarni egallagan bugungi yoshlar qoʻlida ekanini aytib, yurtimizda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilayotganini taʼkidladi.
– Videoselektor yigʻilishida kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish kerakligi aytildiki, taʼlim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning kirib kelishini men ijobiy baholayman, – dedi A.Haitov. –Negaki, oliy taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va qamrovni oshirish, har bir hududda kamida bittadan nodavlat oliy bilim yurti tashkil qilish hozirgi paytda har qachongidan ham muhimroq. Zero, hududlarda nodavlat taʼlim tashkilotlari tashkil etilmasa, raqobat boʻlmasa, taʼlim sifati ham, mazmuni ham oʻzgarmaydi.
A.Haitovning taʼkidlashicha, bugun jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin. Ayni paytda joylarda keng muhokama qilinayotgan Prezident farmoni loyihasida taʼlimdagi hozirgi muammolarni hal qiladigan, yaqin besh yilda natijasini koʻrsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan maqsadlar qamrab olingan. Xususan, jamiyatda muallimning obroʻ-eʼtibori va maqomini koʻtarish, oʻquv dasturlari va metodikasini toʻliq qayta koʻrib chiqish, oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozlikdan xalos etib, oʻz ustida koʻproq ishlashi uchun sharoit yaratish, maktab infratuzilmasi va undagi maʼnaviy muhitni yaxshilash kabi masalalarning yechimlari aniq belgilab qoʻyilgan.
Qayd etilganidek, OʻzLiDeP saylovoldi dasturida ham taʼlim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Taʼlim toʻgʻrisidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimiga rivojlangan davlatlar tajribalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Partiya xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari va oʻrta taʼlim maktablari tarmogʻini rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Yigʻilishda farmon loyihasi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan ham atroflicha oʻrganib chiqilgani, muhokamalar partiya faollari, deputatlar bilan bir qatorda soha mutaxassislari va ekspertlarini keng jalb qilgan holda amalga oshirilgani qayd etildi. Muhokamalar jarayonida partiya faollari va deputatlar tomonidan 300 dan ortiq takliflar tushgani aytib oʻtildi.
Loyihada joylardagi rahbarlarning, mahalliy kengashlarning ushbu muhim masalaga yondashuvi va eʼtiborini tubdan oʻzgartirish, ularning masʼuliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari kiritilgani aytilib, taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarni xalqimizga yetkazib, daxldorlik hissini oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Farmon qabul qilingach, uni ijrosini nazoratga olish, umuman, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda deputatlik nazoratining barcha taʼsirchan shakllaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilish soʻnggida videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.