Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyat hayotining joni va ruhi ma’naviyat
16:33 / 2021-02-22

Muhtaram Prezidentimiz mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasiga ta’rif berar ekan, «Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi.

 Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan», deb ta’kidladi. Prezidentimiz raisligida o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish ko‘pdan buyon yuragimizni alangalatayotgan muammolarga malham qo‘ydi. Yig‘ilishda ma’naviyat masalasiga milliy xavfsizligimiz va bugungi kunimizning kechiktirib bo‘lmas hayot-mamot masalasi sifatida baho berildi.

Nazarimda, davlatimiz rahbarining ma’naviyat borasidagi atroflicha tanqidiy tahlili har bir ziyolini chuqur o‘yga toldirdi, vijdonini qiynadi, deb o‘ylayman.

Qo‘yilgan masalalar millatni milliy tiklanishdan milliy yuksalishga olib chiqadigan, ziyolilarni bir maqsad yo‘lida birlashtiradigan tarixiy vazifalar bo‘ldi.

–Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilishda.

 – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot, ikkinchisi, ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat.

Shu bilan birga, Prezidentimiz bugungi vaziyatga baho berar ekan, kambag‘allikni-ku qisqartiryapmiz, lekin ma’naviy qashshoqlik, fikr qaramligini qanday qisqartiramiz, degan keskin savollarni qo‘ydilar. Darhaqiqat, hozirgi vaqtda yoshlar o‘rtasida yot, mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan mafkuraga qaramlik, ko‘r-ko‘rona ergashish, g‘arbga taqliddan axloqsizlikni madaniyat, ma’naviy qadriyatlarimizni eskilik sarqiti, deb qarash bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila mustahkamligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solayotganligi va bu xatarlar tobora ortib borayotganligi g‘oyat tashvishlanarlidir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bolalarimizni telefon tarbiyalayapti. Mafkuraviy xavf-xatarlar chegara bilmayapti, eshik qoqmasdan kirib kelyapti. Bugun yurtimizda internetdan foydalanuvchilar soni 22 milliondan oshdi. Bu ko‘rinmas yov orqali yoshlar ongini egallashga qaratilgan yolg‘on axborot tarqatish, milliy qadriyatlarni yemirish, xalqning tarixiy xotirasini yemirish, zo‘ravonlik, hayosizlik kabi yot qadriyatlarni targ‘ib qilish, axborot xurujlarini uyushtirish avj oldirilmoqda.

Xorij matbuoti xabarlariga ko‘ra, hozir G‘arb davlatlari televizion dasturlari va filmlari jahon media bozorining to‘rtdan uch qismini egallagan. Ularning tushunarsiz musiqasi, ma’nosiz hamda g‘ayriinsoniy harakatlardan iborat qo‘shiqlari, qiziqishi, ovqatlanish odati, hatto kiyinishigacha taqlid qilinayotganligi ma’naviyatimiz, jon va ruhimizga bolta urish bilan barobardir. «Qalbing derazasini dunyoga ochib qo‘y. Toki unga toza havolar, quyoshning yorug‘ nurlari, rayhonu jambillarning jannat bo‘ylari kirsin. Lekin ogoh bo‘lki, qalbingning ochiq derazasiga kirgan bo‘ronu to‘fonlar, quyunlar, uni ostin-ustun qilib vayron etmasin.» Mutafakkir bobolarning ming yillar oldin aytgan bu hikmatli so‘zlari xuddi bugungi internet haqida bashorat qilgandek, bizni ogohlantirayotgandek.

Yig‘ilishda salbiy holatlarning oldini olish uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarga daxldor bo‘lgan tashkilotlar har biri alohida, o‘z holicha ish olib borayotgani bois bu sohada natijadorlik ko‘rinmayapti. Prezidentimiz kelgusida bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish uchun markaz va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik ta’minotini keskin kuchaytirish, uning faoliyati ilmiy tadqiqot va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishlarida qayta tashkil qilish, hududlar markazida namunaviy loyiha asosida ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etish, mahalliy byudjetlar hisobidan sohaga qo‘shimcha shtatlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida «Ijod» jamoat fondi negizida «Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi» tashkil etilishi qayd etildi. Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi. 

Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, yoshlar o‘rtasida milliy adabiyotimizni targ‘ibot qilish uchun mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktabga ijodiy va ma’naviy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini ta’sis etilganliklari ijodkorlar, jurnalistlar, olimlar, deputatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. «Agar kimdir ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir», – dedilar Yurtboshimiz.

2021 yilga «Yoshlarni qo‘llab-kuvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nom berilishi deputatlarni mas’uliyat bilan ishlashga undaydi. Yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlarini tubdan isloh qilishga safarbar etadi.

So‘zimni buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning hikmatli so‘zlari bilan muxtasar qilgim keldi: «Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir, zamon ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur.»

Darhaqiqat, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar amalga oshirilishida har birimiz o‘z zimmamizdagi mas’uliyatni chuqur his etgan holda xizmat vazifamizga vijdonan yondashishimiz zarur. Prezidentimiz o‘z Murojaatnomalarida ta’kidlaganlaridek, bu yerda «insonning intilishi» degan tushuncha muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, mamlakatimizning har bir fuqarosi ongi va shuuri ertangi yorug‘ istiqbolga nisbatan qat’iy shijoat bilan mujassamlashgan bo‘lsa, men o‘ylaymanki, biz maqsadlarimizga albatta erishamiz.

 

Mirzohid ABDUQODIROV,

Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashi deputati,

Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar,

yoshlar, nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik

jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ishlash

masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi