Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyat hayotida xotin-qizlar o‘rni qanday?
21:21 / 2021-08-10

Ochiq muloqot

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan galdagi ochiq muloqot jamiyatda ayollarning o‘rni va ularning muammolariga bag‘ishlandi.

Ta’kidlash kerakki, assotsiatsiya ishlab chiqqan «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» media dasturida o‘nlab loyihalar qatori «Ayollar media klubi»ni tashkil etish va muntazam ravishda faol ayollar ishtirokida turli mavzularda muloqotlar o‘tkazish belgilangan. Tashkil etilgan ushbu ochiq muloqot ham dastur doirasida bo‘lib, unda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi roli, bugungi islohotlarda ishtiroki va faolligi hamda ular duch kelayotgan muammoli masalalar xususida so‘z bordi.

Ochiq muloqotda so‘zga chiqqan mas’ullar mamlakatimiz barcha sohalarida xotin-qizlar faol ishtirok etayotgani va amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarda ular hissasi alohida ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

Tadbirda ma’lumot berilganidek, bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 300 nafardan ortiq, shu jumladan, vazirlik va idoralarda 45 nafar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasida 39 nafar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida 207 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senati a’zolarining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Tijorat banklari mikrokredit bazasi mijozlarining 30 foizidan ortig‘ini xotin-qizlardan iboratdir. Qishloq xo‘jaligining turli sohalarida 1,5 milliondan ortiq xotin-qizlar mehnat qiladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining 20 foiziga, shu jumladan, fermer xo‘jaliklarining 7,3 foiziga ayollar rahbarlik qilsa, umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilarining 70 foizdan ortig‘ini ayollardir.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA