Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida "Davlat hokimiyati organlari, biznes va ta’limda raqamli transformatsiya” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Axborotlashtirish, aloqa va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish yurtimizda kechayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari qabul qilingani buning tasdig‘idir.
Mazkur konferensiya yuqori bo‘g‘in rahbarlari, jumladan, kompaniya va tashkilotlar TOP-menejerlari, IT-departamentlar rahbarlari va madaniy ob’ektlarning vakillarini yagona ma’rifiy maydonda to‘pladi.
Unda audiovizual loyihalar va axborot texnologiyalari sohasida yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha tajriba va fikr almashish uchun imkon yaratildi.
Konferensiya davomida “Polymedia” kompaniyasi, Xalqaro yangi ta’lim texnologiyalari instituti, Rossiya Federatsiyasi hukumatining muvofiqlashtiruvchi markazi ekspertlari va boshqalar o‘z ma’ruzalari bilan o‘rtoqlishdi.
– Raqamli texnologiyalar bo‘yicha tashkilotimiz bir qator loyihalarni amalga oshirdi, – dedi "Sharq ayoli" xalqaro ayollar jamoat fondi boshqaruvi raisi Saodat Tursunboyeva. –"Ayollar va raqamli iqtisodiyot" loyihasini 2020 yildan buyon amalga oshirmoqdamiz. Uning doirasida yurtimizning turli hududlaridagi ayollarni elektron tijorat bo‘yicha bilim va malakalarini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari davlat hokimiyati organlari va korporatsiyalar uchun boshqaruv markazlarni, tezkor markazlarni loyihalash va tashkillashtirish haqida ma’lumot oldi.
Shuningdek, MDH mamlakatlari va O‘zbekistondagi loyihalar, halqaro tajriba, global keyslar, biznes va ta’limdagi raqamli transformatsiyaning muhim jihatlari, xususan, muzeylar va ko‘rgazma markazlari bo‘yicha kreativ yechimlar haqida ham taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbirda xalqaro loyihalar tajribasi, shuningdek, “Polymedia” xalqaro ekspertlarining AV-industriyadagi trendlar, ta’lim va axborot texnologiyalari haqidagi ma’lumotlari muhokama qilindi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri