Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyat ayollar faolligidan manfaatdor bo‘lmog‘i kerak
11:42 / 2025-12-02

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 noyabr kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida joylarda Asosiy qonunimizga bag‘ishlangan bayramni yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik ruhiga hamohang tarzda nishonlashga katta e’tibor qaratilgan.

Bu borada nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targ‘ib qilishdek muhim vazifa ko‘zda tutilgan. 

Ma’lumki, Konstitutsiyamizda ayollar va qizlar manfaatini ta’minlash borasida ham keng imkoniyatlar muhrlangan. Xotin-qizlar faolligini ta’minlashga oid imkoniyatlar haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi: 

– O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan yangilanish jarayonlari jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab oldi. Bu borada, eng avvalo, inson huquq va manfaatlarini himoyalash, oila instituti mustahkamligini ta’minlashga oid huquqiy asoslarni takomillashtirish uchun zarur institutsional bazani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil iyun oyida Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustundir”, deya ta’kidlar ekan, konstitutsiyaviy islohotlarning birinchi yo‘nalishi sifatida – inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalalarining muhim jihatlariga asosiy e’tibor qaratdi hamda eng muhim omillarni tahlil qilib berdi.

Darhaqiqat, bugun O‘zbekiston jahonning rivojlangan davlatlari qatori o‘z milliy qiyofasida, ya’ni ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xalqimizning milliy mentalitetiga xos bo‘lgan ijobiy an’analar va qadriyatlarni saqlab qolgan holda maydonga chiqmoqda. Bu davr jamiyatimizda ayollarni ulug‘lash, davlat tomonidan ularning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilishning dalili sifatida tarixda yorqin iz qoldiradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev alohida ta’kidlab o‘tganlaridek: “Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston  shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi. Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi”.

O‘zbekiston Respublikasida demokratik fuqarolik jamiyati qurish jarayonida jamiyatimizda yangicha siyosiy munosabatlar, dunyoqarash, yangicha siyosiy madaniyat shakllanmoqda. Mazkur demokratik siyosiy madaniyatning taraqqiyot jarayonida xotin­qizlar manfaatlari yangi miqyosda va mazmunda namoyon etilishi, to‘laqonli amal qilinishi, jamiyat ongida muntazam joy olishi va nihoyat har qanday sharoitda o‘zligini yo‘qotmasligi lozim.

Jamiyatni demokratlashtirish davrida xotin­qizlarга bo‘lgan munosabat hamda ular hayotiy tajribasi, intellektual salohiyati va imkoniyatlaridan jamiyat rivoji uchun foydalanish ana shu qurilayotgan davlatchilik asoslarining liberalligi va ilg‘orligidan dalolat beradi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidagi davlatchiligimiz uchun muhim bo‘lgan masalalardan biri xotin­qizlarни bunyodkorlik jarayonlariga ne chog‘li jalb etilishi, ularning bugungi kun jamiyatida qanchalik o‘zini kerakli idrok etishi masalasidir.

Bugun dunyo miqyosida ayollar huquqlariga inson huquqlari nuqtai nazaridan baho berish butun jahon taraqqiyparvar tafakkurida kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar samarasidir. Shu bois, XXI asrda barchamiz uchun demokratiya talablari, fuqarolik jamiyati qadriyatlari hamda ayollar masalasining huquqiy tamoyillarini tushuntirib berish va ana shu qadriyatlar hamohangligi va mutanosibligini to‘g‘ri anglab yetish ahamiyatli.

Ma’lumki, huquqiy davlatda inson butun ijtimoiy mexanizmning markazini tashkil etib, ushbu mexanizm uning manfaatlariga xizmat qiladi. Zero, inson manfaatlari ta’minlangan, huquq va erkinliklari himoyalangan davlatnigina huquqiy davlat deyish mumkin. Shu o‘rinda, ayollar masalasi tahlil etilganda bir muhim narsaga alohida urg‘u berish ham lozim, ya’ni ayol huquqlari faqatgina huquqiy holat bo‘lmay, balki siyosat, ma’naviyat va ma’rifat, diniy e’tiqod va falsafa, jamiyatdagi turli o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq holatdir. Ayol huquqlari ko‘p qirrali, muammoli va murakkab bo‘lib, turli zamonlarda turlicha namoyon bo‘lgan. Lekin uning siyosiy manfaatlar bilan bog‘liq xususiyati hamisha saqlanib, u turli shaklda o‘rganilgan.

Yurtimizda ayolga, oilaga hurmat davlat siyosati darajaga ko‘tarilib, qonunchilik normalarining asosiy qoidalari sifatida e’tirof etilgan. Ushbu normalarda ayolning jamiyatda va oilada tutgan o‘rni, huquq va majburiyatlari sharqona turmush tarzi, oila hayotining ma’naviy, axloqiy, iqtisodiy va huquqiy normalarini inobatga olgan holda belgilangan. O‘zbekistonda sog‘lom avlodni tarbiyalash, oilani mustahkamlash, ayollarni e’zozlash, onalik va bolalikni muhofaza etishdek insoniy burchlarni ado etish borasida bir qator amaliy dasturlar ishlab chiqilmoqda va hayotga tatbiq etilmoqda.

Zamonning ayolga munosabati mavzusini O‘zbekiston tajribasida tahlil qiladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda real, aniq, rejalashtirilgan davlat siyosati olib borilayotgani natijasida salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirilayotganining tarixan shohidi bo‘lmoqdamiz. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  farmon va qarorlari, yana ko‘plab normativ hujjatlar orqali mamlakatimizda ayollar masalalari bilan bog‘liq ijobiy islohotlar yangi bosqichda takomillashtirilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi, davlat boshqaruvining turli yo‘nalishlarida, tadbirkorlik faoliyatida faollik ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda ayollarning ta’limi, mutaxassislik va ilmiy salohiyatini o‘stirish uchun barcha choralar davlat tomonidan kafolatlangani O‘zbekistonda ayollar faolligini oshirishdagi islohotlardan darak beradi.

Demak, bugungi kunda biz uchun muhim bo‘lgan xulosa shuki, butun bir jamiyat ayollar faolligidan manfaat olmog‘i kerak. Ana shu faollik va idroklilik barcha sohalarda aks etishi, ya’ni ayollarimiz ongli tarzda mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik munosabatida bo‘lishlariga erishish zamonamizning dolzarb masalasiga aylanmoqda. 

Yuqoridagi mulohazalardan asosli ravishda quyidagi savollar kelib chiqadi: xotin-qizlar uchun barcha yo‘nalishlarda keng qamrovli imkoniyatlar yaratilayotgan, bu borada lozim darajada huquqiy baza ham mustahkamlanayotgan ekan, xo‘sh, ayollarimiz davrimiz va davlatimiz uchun qaysi vazifalarni bajarishi lozim, qanday yo‘nalishlarda o‘zlarining hayotiy tajribasi, aql-idroki, salohiyati va mehrini ayamasligi zarur?

Belgilangan istiqbol vazifalarni uddalay oladigan avlodni yaratish, o‘stirish, tarbiyalash bugungi ayollarning o‘z zamonasi oldidagi mas’uliyatli va muqaddas vazifasidir. Chunki fuqarolik jamiyatining zaruriy xomashyosi – shu jamiyatda yashashga tayyor bo‘lgan fuqaro. Ayollarimizga qarata “Bola o‘stirmang, fuqaro tarbiyalang” degan shior bugungi kun talabi.

Zero, bugun bizning jamiyatimiz yangi siyosiy munosabatlar shakllanish jarayonining ilk bosqichida turibdi. Shu bois, ayollarga keng huquqlar berilishi va imkoniyatlarning ta’minlanishi bizning demokratik va fuqarolik jamiyati qurish borasidagi maqsadimizga to‘g‘ri keladi va ana shu maqsadlarning amaliyligini ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida, birinchidan, O‘zbekiston sharoitida ayollarda tolerant tafakkurni shakllantirish, mafkuraviy uyg‘oqlik va sezgirlikni ular ongiga singdirish fuqarolik jamiyatining asoslarini kuchaytirish omillaridan biridir. Nima uchun ayol bag‘rikeng, tafakkuri uyg‘oq mushohadali, siyosiy jihatdan ongli bo‘lmog‘i lozim? Chunki ayol farzand tarbiyasiga mas’ul shaxsdir, onaning tafakkuri farzandning tafakkurini kelajakdagi fuqaroning tafakkurini shakllantiradi. Ana shu tafakkurning to‘g‘ri tanlanishi davlat taraqqiyotiga ta’sir qiladi. Shu bois, bugungi kunda ayolning tafakkuri va dunyoqarashi keng, chuqur bilimli bo‘lmog‘i davr talabi.

O‘zA muxbiri 

N.Usmonova yozib oldi.