Ma’lumki, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tadbirkorlarga kafillik va kompensatsiya ajratish kabi 2 turdagi moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Jamg‘arma shu yilning o‘tgan o‘n oyi mobaynida jami 4 ming 549 ta loyihaga qariyb 1 trillion 552 milliard so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha majburiyat olgan.
Xo‘sh, belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanyaptimi? Shu xususida O‘zA muxbiriga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Burxon Normirzayev kuyidagilarni ma’lum qildi.
– Jamg‘armada tadbirkorlarga ikki turdagi moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Ular kafillik va kompensatsiya berishdir. Kafillik bo‘yicha 1 ming 257 ta loyihaga – 1 trillion 48 milliard so‘m, kompensatsiya bo‘yicha 3 ming 292 ta loyihaga – 504 milliard so‘m ajratish va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 36 ming 630 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Joriy yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha – jami 27 ming 581 ta loyihaga 7,5 trillion so‘mdan ortiq, sanoat sohasi bo‘yicha – 5 ming 731ta loyihaga qariyb 2,8 trillion so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha – 8 ming 368 ta loyihaga 3 trillion so‘mdan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Boshqa sohalar bo‘yicha esa – 6 ming 716ta loyihaga 3 trillion so‘mdan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.
Jamg‘armaning kelgusi 4 yil prognoz ko‘rsatkichlari va tahlil natijalariga ko‘ra, 2023-2026 yillar davomida kompensatsiya majburiyatlari yiliga o‘rtacha 1,3 barobar o‘sishi prognoz qilingan. Jamg‘arma tomonidan kichik tadbirkorlik sub’ektlari loyihalariga kompensatsiya va kafillik tijorat banklarining faqat milliy valyutadagi kredit (lizing)lari uchun beriladi.
Qolaversa, jamg‘arma tomonidan kompensatsiya yordami 5 milliard so‘mdan va foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan, ya’ni hozirda Markaziy bank asosiy stavkasi 15 foiz deb belgilangan bo‘lsa, 3 yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.
Kafillik yordami tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning 50 foizgacha, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi. Shu o‘rinda aytish joiz, moliyaviy yordamlar faqat bitta loyihaga tatbiq etiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA