“Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyat, tuman va shahar bo‘linmalari huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi faoliyatidan qanchalik xabardormiz? Mazkur jamg‘armaga kelib tushayogan mablag‘larni sarflanishi, qaysi maqsadlarga yo‘naltirilishini bilamizmi?
O‘zA muxbiri ushbu savollar bilan fondning Jizzax viloyati bo‘lim boshqaruvi sho‘’ba mudiri U.Risqulovga murojaat qildi.
– Prezidentimiz 2020 yilning 20 aprel kuni “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi nomi bilan harakatni boshlash taklifini ilgari surgan edi. Shundan 2 kun o‘tib, ya’ni 2020 yil 22 aprelda Vazirlar Mahkamasining farmoyishi imzolandi va ushbu hujjatga asosan “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyati bo‘lim boshqaruvi sho‘’ba mudiri U.Risqulov. – Ushbu jamg‘arma koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan edi.


bugungi kunga kelib garchand koronavirus sezilarli darajada chekingan bo‘lsada, boshqa global xavf-xatarlar hali mavjud. Qolaversa, fuqarolarimiz orasida ehtiyojmand oilalar ko‘p. Endi mablag‘ to‘risidagi savolingizga keladigan bo‘lsak, o‘tgan 2022 yil mobaynida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyati tuman va shahar bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobiga 4 milliard 46 million 550 ming so‘m mablag‘ yig‘ilgan. Jumladan, sud hujjatlari ijrosi bo‘yicha 2 milliard 11 million 142 ming so‘m, shundan, mahalliy byudjet daromadlarining rejadan ortiq bajarilishidan tushgan mablag‘lar 2 milliard 35 million 408 ming so‘mni tashkil etgan.

O‘tgan davr davomida Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarorlari asosida qariyb 1 ming 819 ta oilaga 1 milliard 497 million 612 ming so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Jumladan, 1 ming 91 ta oilaga kundalik iste’mol mahsulotlarini sotib olishlari uchun 341 million 502 ming so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, 721 oilaga 1 milliard 26 million so‘mdan ortiq moddiy yordam hamda dori vositalari uchun 47 ta oilaga 129 million 230 ming so‘m miqdoridagi mablag‘lar zarurati bor fuqarolarga yetkazilgan. Shuningdek, jamg‘armaga kelib tushayotgan mablag‘lar qishloq va mahallalarda tashkil etilgan “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kiritilgan fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Darhaqiqat, ushbu jamg‘arma mablag‘lari “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda ham muhim o‘rin tutishi alohida tahsinga loyiq. O‘tgan davr mobaynida mazkur daftarga kirgan 387 nafar xotin-qizni qo‘llab-quvvatlash uchun 88 million 915 ming so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan.


Shu o‘rinda, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyati tuman va shahar bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan kam ta’minlangan oilalarga mablag‘ ajratish Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining qarori bilan amalga oshirilayotganini qayd etish kerak. Bu jamg‘arma mablag‘larini sarflashda adolat va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA