Muqobil energiya manbalaridan foydalanish, elektr-energiyasini tejash davr talabi. Bu borada hukumatning tegishli qarorlari ham qabul qilingan.
Qashqadaryo viloyatida ham ushbu hujjatlar ijrosi doirasida dastlab ijtimoiy soha tashkilotlarida bosqichma-bosqich muqobil energiya manbalari o‘rnatilmoqda.

Bu xayrli ishlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Xususan, fondning Qamashi tumani bo‘linmasi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tumandagi “Temir daftar”ga kiritilgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadonlariga bir fazalik quyosh panellari o‘rnatib berildi.

– Ushbu xayrli ishdan juda minnatdor bo‘ldik, – deydi tumandagi “Qo‘shkapa” mahallasida yashovchi Alisher Orolov. – Bir nechta chiroq yonib turadi. Kam quvvatli televizorni ham ishlatadi. Telefonlarning quvvatini to‘ldiradi. Ular orqali xonadonimizga yangi nur kirgandek bo‘ldi. Chiroq o‘chganini payqamaymiz ham.
O‘lmas Barotov,
O‘zA