Ma’lumki, meros fuqarolarning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan, deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Meros ochilgan vaqtda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros mulkini tashkil qiladi.
Xo‘sh, jamg‘arilgan pensiyani ham meros qoldirish mumkinmi? Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.
– «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, jamg‘arib boriladigan ixtiyoriy pensiya badallari — shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ixtiyoriylik asosida kiritiladigan pul mablag‘lari, jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallari — shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga majburiy tartibda kiritiladigan pul mablag‘lari hisoblanadi.
Ushbu qonunning 4-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti olish huquqiga ega. Demak, fuqarolar pensiya hisobvarag‘iga majburiy va ixtiyoriy mablag‘lar jamg‘arib borishadi. Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlaydiganlar qonunda boshqacha ma’lumotlar belgilanmagan bo‘lsa, majburiydir. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklarining a’zolari, shuningdek, boshqa fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etadilar.
Demak, bu shaxsiy zaxiradek deyish mumkin. «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunining 17-moddasiga ko‘ra, Fuqaro vafot etgan taqdirda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda merosga o‘tadi va merosxo‘rga biryo‘la to‘la hajmda to‘lanadi. Fuqaro O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash joyiga chiqib ketayotgan bo‘lsa, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar biryo‘la to‘la hajmda to‘lanadi.
Qonunning 24-moddasiga ko‘ra, Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini to‘lash quyidagi hollarda tugatiladi.
Jumladan, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar batamom tugaganda, bunday to‘lovlarni oluvchi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan jami summani merosga o‘tkazish maqsadida to‘lovlarni olishdan yozma ravishda notarial tasdiqlangan tartibda voz kechganda hamda davlat pensiyasini olish huquqini yo‘qotganda.
Demak, Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini meros qilib o‘tkazish mumkin va so‘ngra Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini to‘lash tugatiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA