Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jalolobod– Namangan: ikki qardosh el aloqalari rivojlanmoqda
15:33 / 2023-09-07

O‘zbek va qirg‘iz xalqlari azaldan bir-biri bilan o‘zaro hamkor, do‘st- birodardir. Ikki elning do‘stona munosabatlari Prezidentimizning tashqi siyosatdagi oqilona sa’y-harakatlari natijasida yanada mustahkamlanmoqda.

Qirg‘iz Respublikasi Jalolobod viloyatining Olabuqa va Axsi tumanlari delegatsiyasi iqtisodiy, madaniy va turizm yo‘nalishlardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida amaliy tashrif bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.

Qayd etish joiz, Jalolobod va Namangan viloyatlari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida ikki hudud rahbarlari o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi asosida yanada quloch yoymoqda. Har ikki tomon delegatsiyalari oxirgi ikki yil davomida o‘zaro tajriba almashish, turli bitimlar tuzish uchun safarlar uyushtirishdi.  

[gallery-13480]

Jalolobod viloyatining Olabuqa va Axsi tumanlari mutasaddi rahbarlari, tadbirkorlar, turizm sohasi vakillaridan iborat qirg‘izistonlik mehmonlar “Kosonsoy” chegara o‘tish postida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov boshchiligidagi keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.

Delegatsiya a’zolari dastavval Kosonsoy tumani tadbirkorlari ishlab chiqargan mahsulotlar hamda xizmat turlaridan iborat sanoat ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvda Olabuqa hamda Axsi tumanlari bilan Kosonsoy tumani o‘rtasida qardoshlik rishtalarini tiklash, o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy, turizm, madaniy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Qolaversa, Axsikent direksiyasi, “Savanna” turizm kompaniyasi va Olabuqa tumani turizm yo‘nalishi tadbirkorlari biznes hamjamiyati o‘rtasida kelishuvlarga ham erishildi.

Qo‘shnilarimiz tashrifining navbatdagi manzili “Namuna” kichik sanoat zonasi bo‘ldi. Mazkur hududda 180 milliard so‘mga teng loyiha asosida amalga oshirilgan “Barkas teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi ishlab chiqarish jarayonlari delegatsiya e’tiborini tortdi. Ushbu korxonada ikki mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgani mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Qirg‘iz Respublikasi delegatsiyasi To‘raqo‘rg‘on tumanida udumlarimizga ko‘ra, non-tuz va milliy qo‘shiqlarga uyg‘unlashgan dastur bilan qarshi olindi. Nafaqat Namangan viloyati, balki Markaziy Osiyoda ham dong‘i ketgan “Dilrabo SDA”, “Runam teks” singari ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlari joy olgan tadbirkorlik va sanoat ko‘rgazmasi ikki taraflama iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga undadi.

Tadbirning rasmiy qismida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi bilan Axsi va Olabuqa tumani ma’muriyati, shuningdek, Axsikent direksiyasi hamda Axsi tumanidagi “Podshoota” qo‘riqxonasi rahbarlari o‘rtasida ko‘plab sohalarda hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qardoshlarimiz To‘raqo‘rg‘on, balki Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan qadimiy turizm o‘choqlaridan sanalgan “Axsikent” tarixiy majmuasida bo‘lib, obidani saqlash va sayyohlarni jalb etish borasidagi amaliy harakatlar bilan tanishdi.

– O‘zbekiston va Qirg‘iziston  eng yaqin qo‘shni va ishonchli hamkorlardir. Ikki xalqning tarixi va madaniyati bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bugungi kunda ham qardoshlik munosabatlari tobora mustahkamlanmoqda, – deydi “Axsikent” arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi rahbari Anvar Ikromov. – Axsikentning tarixi, u yerdan topilayotgan osori-atiqalar so‘nggi paytlarda qo‘shni davlatlar aholisida ham katta qiziqish uyg‘otgani tabiiy. Jalodobodning Axsi va Olabuqa tumanlari bilan Axsikentning tarixiy aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Erishilgan bitimlar o‘zaro sayyohlar almashinuvi, qolaversa, qo‘shni chegara tumanlar aholisini Axsikent yodgorlik majmuasiga keng jalb etish, bu borada targ‘ibot ishlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),

O‘zA muxbirlari