Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jaloliddinning mardlik va jasorati – hamisha barhayot
17:09 / 2023-08-31

FOTOREPORTAJ

Urganch shahrining al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida joylashgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi buyuk ajdodimizning qahramonligini madh etuvchi g‘urur, iftixor maskani sifatida qad rostlagan.  

Jaloliddin Manguberdi Vatan ozodligi, istiqloli yo‘lida jonini fido qilgan dovyurak kurashchi, milliy qahramon sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Uning nomi, o‘lmas jasorati xalq orasida, turli millat va elatlar o‘rtasida afsonaga aylangan.

Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan majmuada 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etilgan. Unda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan. Sultonning qat’iyatli, mag‘rur siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi o‘z ifodasini topgan.

[gallery-13374]

Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi o‘rnatilgan. Eron hududidan topilgan, og‘irligi 32 kilogramm, balandligi 30 santimetr bo‘lgan bu toshda Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi yozilgan. Uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu ham buyuk ajdodimizning jahon tarixidagi beqiyos shuhratidan dalolat beradi.

Ushbu so‘lim maskanga tashrif buyuruvchi kishi borki, ajdodlarimizning mardlik va jasoratini yodga olmay qo‘ymaydi.  

Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA