Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Yoshlar va qonun” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jamiyatda yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, qonun buzilishi holatlariga murosasizlik hissini uyg‘otish maqsadida 14-18 hamda 18-30 yosh toifalarida o‘tkazilayotgan tanlovning quyi bosqichlarida jamoalar tarkibida 2 ming nafardan ziyod yosh ishtirok etdi.
Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar viloyat bosqichida belgilangan to‘rtta shart asosida o‘zlarining huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Ishtirokchilar birinchi shartda “Huquqiy penalti”da bellashdi, ikkinchi shartda jamoa sardorlarining bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Keyingi shartlarda hujjatlarga huquqiy baho berish, amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir bilimlarini, shuningdek, mamlakatimizda sud huquq sohasidagi o‘zgarishlar, odil sudlov tizimini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini sud majlislari modeli orqali ko‘rsatib berishdi.
Jamoalarning chiqishlari sud, adliya, ichki ishlar, Yoshlar ishlari va boshqa qator tashkilotlar mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 14-18 yosh toifasidagi ishtirokchilar o‘rtasida 1-o‘rinni Jalaquduq tumanining “Saltanat”, 2-o‘rinni Qo‘rg‘ontepa tumanining “Dehqonobod”, 3- o‘rinni Buloqboshi tumanining “Shedevr” jamoalari, 18-30 yosh toifasidagi ishtirokchilar o‘rtasida esa Jalaquduq tumani “Temuriylar saltanati” jamoasi 1- o‘rinni, Izboskan tumani “Yosh siyosatshunoslar” jamoasi 2- o‘rinni, Qo‘rg‘ontepa tumani “Adolat” jamoasi 3- o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-18245]
Birinchi o‘rinni egallagan jamoalar tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari