Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jalaquduq tumanida 2 ming 400 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi
16:37 / 2020-12-12

Andijon viloyatining tuman va shaharlarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda.

Xalq deputatlari Jalaquduq tuman kengashining navbatdagi sessiyasida ham joriy yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Sessiyada tuman hokimi Xikmatullo Latipovning hisoboti tinglandi.

Joriy yilda tumanda investitsiya dasturiga asosan umumiy qiymati 209,6 milliard so‘m miqdordagi investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga 31 ta loyihaning ishga tushirilishi, 2 ming 136 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, o‘tgan 11 oy davomida 141,2 milliard so‘m qiymatidagi 22 ta loyiha ishga tushirildi, 1 ming 254 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Tumandagi 21 ta korxona mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ishlar olib borildi. O‘tgan 11 oyda ana shu korxonalarning 16 tasi tomonidan 23,2 million AQSH dollari miqdorida mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. Bu yillik rejaning 99,1 foizini tashkil etdi.

2020 yil investitsiya dasturi va mahalliy byudjet mablag‘lari asosida 14 ta ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, 5 ta maktab, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 6 ta sog‘liqni saqlash muassasasida, jami 32,1 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tuman markazida 90 xonadondan iborat 3 ta 5 qavatli uy qurilib foydalanishga topshirildi.

Joriy yilda aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash, shuningdek, ichki yo‘llarni ta’mirlash, shag‘allashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Masalan, tumanning 35 ta mahallasi hududidagi 32,3 kilometr ichki yo‘l shag‘allandi, 1,8 kilometr yo‘l asfaltlandi, 6,4 kilometr yo‘lga shebyon-shag‘al yotqizildi. Umuman, tumanda 173 kilometr masofadagi ichki yo‘llar ta’mirlandi.

Oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, baliqchilik, pillachilik, quyonchilik va parrandachilikni rivojlantirish, aholining real daromadlarini oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan aholiga 24 milliard 729 million so‘m imtiyozli kreditlar berildi, natijada 2 ming 400 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, tumandagi klaster korxonalari orqali aholiga 1 ming 355 bosh echki, 5 ming 840 bosh quyon, 194 ming dona parranda tarqatildi, 250 xonadonga 1 sotixli issiqxona qurib berildi.

Joriy yilda pandemiya sharoitida dastlab tumanda aniqlangan 1 ming 948 ta kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Ana shu davr mobaynida 3 ming 85 ta oilaga 2 milliard 628 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, 75 ta oilaning uy-joy sharoitlari yaxshilandi.

Sessiyada aholi murojaatlari bilan ishlash, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, 2021 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, belgilangan dasturlarni amalga oshirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Sessiyada ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA