Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida qariyb 18 oylik tanaffusdan so‘ng o‘quvchilar yana maktablarga qaytdi.
O‘tgan haftadan boshlab Indoneziyada karantin cheklovlari asta-sekin yumshatila boshlandi.
Jakarta Education Agency agentligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 30 avgustdan boshlab 610 ta maktabda qatnab o‘qish tartibida ta’lim beriladi. Maktablar dushanba, chorshanba va juma kunlari ochiq bo‘ladi, haftaning qolgan kunlarida sinfxonalar dezinfeksiya qilinadi. Har bir sinfxonada qo‘l yuvish uchun joylar qilingan, dezinfeksiya vositalari tayyorlab qo‘yilgan.
Bir necha oy oldin Jakarta Indoneziyaning COVID-19 kasalligi eng ko‘p aniqlangan shaharlaridan biri edi. Hozirgi kunda poytaxtda kasallanganlar soni sezilarli darajada kamaymoqda.
29 avgust holatiga ko‘ra Jakartada 474 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Bir necha oy oldin bu ko‘rsatkich kuniga 10 mingtani tashkil etgandi.
www.theguardian.com sayti materiallari asosida Gulruh Abdullayeva tayyorladi, O‘zA