Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jajji qizlar bahsi qizg‘in o‘tdi
10:47 / 2021-12-06

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan badiiy gimnastika bo‘yicha ochiq turnir o‘tkazildi.

O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi, O‘zDJTSU bilan hamkorlikda o‘tkazilgan  mazkur  turnirda Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Farg‘ona, Andijon, Namangan hamda Toshkent viloyatidan 300 nafardan ortiq yosh sportchi - qizlar ishtirok etdi.

Musobaqada 4-14 yoshgacha bo‘lgan badiiy gimnastikachilar bulava, arg‘amchi, halqa, to‘p, tasma kabi buyumlarda bajariladigan nozik va nafis mashqlarni o‘zlari tanlagan musiqa sadolari uyg‘unligida namoyish etdi. Murosasiz o‘tgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, Chirchiq shahri jamoasi faxrli birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri jamoasi egalladi. Samarqand viloyati qizlari esa kuchli uchlikdan joy oldi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

– Hozirda Chirchiq shahrida 100 nafardan ortiq yosh qizlarga badiiy gimnastika bo‘yicha saboq berib, mahoratlarini oshirib kelyapmiz. Ushbu musobaqada jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Endi joriy yilning oxirida shogirdlarimdan Shahruza Sobirjonova hamda Felez Amirxamzayeva 20 dekabr kuni Dubay shahrida o‘tadigan badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro turnirda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mazkur turnir ular uchun o‘ziga xos sinov vazifasini ham o‘tab berdi. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi bilan tabriklab qolamiz, – dedi Chirchiq shahri jamoasi murabbiyi Rigina Dadajonova.

Shuningdek, musobaqa doirasida ishtirokchilar uchun mahorat saboqlari ham o‘tkazildi.

Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA