Navoiy shahrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Jajji nurli yulduzlar” festivalining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Festivalning tuman va shahar bosqichida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan 758 nafar bolajon ishtirok etdi.


4 ta yo‘nalish bo‘yicha bahslashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar viloyat bosqichida o‘zaro kuch sinashdi.


Festivalning viloyat bosqichida ishtirok etgan bolajonlarning raqs, qo‘shiq, ertak va milliy kuylar yo‘nalishidagi chiqishlari tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Har bir ishtirokchi sahnadagi ishonch, estetik ko‘rinish va ijodiy chiqishlari bilan yodda qoldi.




Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Sehrli harakat” nominatsiyasida Navbahor tumanidagi 4-DMTT tarbiyalanuvchisi Shahrigul Orifboyeva, “Ajdodlar merosi” (jamoaviy) nominatsiyasida Nurota tumanidagi 13-son DMTT jamoasi, “Jajji xonanda” nominatsiyasida Navoiy shahridagi 29-DMTT tarbiyalanuvchisi Alijon Aminov va “Mo‘’jizaviy kuylar” nominatsiyasida Zarafshon shahridagi 8-DMTT tarbiyalanuvchisi Mehriddin Mirpo‘latov g‘olib deb topildi va festivalning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA