1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat musiqali drama teatrida xodimlarning farzandlari uchun madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir davomida “Farzandlarimizga kitob sovg‘a qilaylik!” shiori ostida kitoblar yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada ishtirok etgan ota-onalar va bolalar o‘zbek va jahon adabiyotiga oid asarlar, bolalar adabiyoti hamda turli janrlardagi kitoblar bilan tanishib, ularni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, teatr jamoasi tomonidan bolajonlar uchun tayyorlangan “Antiqa sholg‘om” nomli sahna asari namoyish etildi. Tomosha yakunida 150 nafar bolaga bayram sovg‘alari ulashildi. Bu esa jajji bolajonlarga ko‘tarinki kayfiyat va haqiqiy quvonch ulashdi.

– Bunday tashabbuslar farzandlarimizning dunyoqarashini ma’nan boyitish, ularda kitobga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish va bayramona kayfiyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun qizimning ko‘zlaridagi shodlikni ko‘rib, rostdan ham xursand bo‘ldim, – deydi Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish sho‘’basi boshlig‘i Ahror Ismatullayev.

Darhaqiqat, sog‘lom va ma’nan barkamol avlodni tarbiyalash – bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Bolalarning xursandchiligi va ularning yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchi jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri