Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahonning ikki buyuk insoniga ehtirom
12:08 / 2024-02-10

Barcha hududlarda bo‘lgani kabi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli korxonalar va barcha bo‘linmalarida ham Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi keng nishonlanmoqda.

Jumladan, Janubiy kon boshqarmasining Nurobod shahrigi “Nurobod” madaniyat saroyi va Marjonbuloq shaharchasidagi muassasada ham ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Tadbirlarda “Avliyolarning avliyosi”, “Mutafakkirlarning mutafakkiri”, “Shoirlarning sultoni”, deya e’tirof etilgan ulug‘ alloma hamda shoh va shoir Boburning hayot yo‘lini o‘rganish, uning asarlarini tahlil va talqin qilish bugungi kun yoshlarining har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib kamolga yetishida muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.

– Bu ikki buyuk shaxs siymosi nafaqat buyuk mutafakkir, balki xalqparvar davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan daho sifatida hamisha ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi, – deydi Janubiy kon boshqarmasi Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari Dildora Atabayeva. – Ulug‘ bobokalonlarimiz asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, ularning har bir bayti hikmat, har bir tashbehi mo‘’jizaga boy ekanligini teranroq anglab boraveramiz. Zero, ular yaratgan bebaho asarlar butun bashariyatning ma’naviy mulkiga aylanib ulgurgan. Ularning asarlarida tilga olingan Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat kabi insoniy fazilatlar bugungi kunda ham zarracha bo‘lsa-da, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. 

Badiiy kechalarda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning keng va serqirra ijodidan namunalar o‘qildi, uning g‘azallari asosida yaratilgan mumtoz qo‘shiqlar kuylanib, asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri