Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahonning eng kuchli kurashchilari Buxoroda bellashadi
13:35 / 2019-06-06

Buxoroda 7-12-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha ulugʻ mutafakkir ajdodimiz hazrat Bahouddin Naqshband xotirasiga bagʻishlangan 1 xalqaro turnir boʻlib oʻtadi.


Buxoroda 7-12-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha ulugʻ mutafakkir ajdodimiz hazrat Bahouddin Naqshband xotirasiga bagʻishlangan 1 xalqaro turnir boʻlib oʻtadi.

Ushbu yirik musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kurash federatsiyasi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Taʼlimoti inson maʼnaviy va jismoniy kamoloti gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan buyuk pir xotirasini eʼzozlash hamda barhayot qadriyatlarimiz sirasiga mansub oʻzbek kurashini yoshlar oʻrtasida keng ommalashtirish, isteʼdod sohiblarini kashf etish va ragʻbatlantirish, shuningdek, dunyoda milliy sport turimiz nufuzini yanada oshirish maqsadi koʻzlangan mazkur turnir Prezidentimiz sovrini uchun Shahrisabz va Termizda oʻtkazilayotgan anʼanaviy xalqaro musobaqalar qatoridan munosib oʻrin olishi, shubhasiz.

Sovrin jamgʻarmasi 70 ming dollarga teng mazkur bellashuvda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston, Hindiston, Eron, Xitoy, Gonkong, Xitoy Taypeyi, Afgʻoniston, Kongo, Makao, Portugaliya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Falastin, Gollandiya kabi 50 ga yaqin mamlakatlardan yuzlab polvonlar gilamga tushishi kutilmoqda.

Turnirda erkaklar yetti hamda qizlar uch vazn toifasida gʻoliblik uchun bellashadi.

Musobaqada oʻz vazn toifasida birinchi oʻrinni egallagan polvonlar oltin medal va 3 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Ikkinchi oʻrin sohiblariga kumush medal bilan birga 2 ming dollar beriladi. Uchinchi oʻrinni egallagan ikki sportchining har biriga bronza medali va 1 ming dollarlik pul mukofoti topshiriladi.

Turnirda bellashuvlarni katta tajribaga ega xalqaro toifadagi hakamlar boshqarib boradi.

– Buxoroda nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrildi, – deydi viloyat Kurash federatsiyasi ijrochi direktori Savriddin Umarov. – Avvalo, turnirni tomosha qilishga qiziqish kattaligini hisobga olib, bellashuvlar 20 ming oʻringa ega “Buxoro” stadioni oʻtkaziladigan boʻldi. Bu yerda ayni shu musobaqaga hozirlik doirasida xorijdan keltirilgan eng zamonaviy kurash gilami maxsus moslamada toʻshaldi. Shuningdek,polvonlar, murabbiylar va hakamlar hamda mutaxassislar eng zamonaviy mehmonxonalarga joylashtirildi.

Buxoro katta xalqaro kurash bayrami ruhi bilan yashamoqda.Turnir mamlakatimizda ushbu sport turi rivojlantirishga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan katta eʼtiborning yorqin ifodasiga aylanadi.