20 iyul – Xalqaro shaxmat kuni sifatida nishonlanadi. Ma’lumki, yurtimizda ushbu sport turi rivojiga alohida e’tibor berib kelinadi. Natijada mamlakatimiz shaxmatchilari xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yuksak marralarni qo‘lga kiritmoqda.
Bugun sana munosabati bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasi g‘olibi Jahongir Vohidov bilan masofadan muloqot tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiyaning hududiy kengashlari a’zolari, yosh shaxmatchilar ishtirok etdi.
Muloqotni partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova kirish so‘zi bilan ochar ekan, tadbir ishtirokchilarini shaxmat bayrami bilan tabriklab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ushbu sport turini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, bu borada yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.
44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi Jahongir Vohidov ayni paytda katta musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rayotgani bois tadbirda onlayn ishtirok etib, ishtirokchilarga bolaligi, oilasi va shaxmatdagi yutuqlari haqida so‘zlab berdi:
– Shaxmatni rivojlantirishni avvalo, oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Yana bir jihati, rag‘bat kerak. Ya’ni, ota-onalar farzandlarini rag‘batlantirishi, qo‘llab-quvvatlashi, motivatsiya berishi zarur, – dedi chempion.
Shuningdek, muloqot davomida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun innovatsion shaxmat taxtasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu borada mutaxassislar fikri tinglandi, takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ochiq muloqotdan so‘ng partiya xodimlari, faollar hamda yosh shaxmatchilar o‘rtasida musobaqaga start berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA