Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahongir SHIRINOV: Konstitutsiya – xalq pasporti
22:46 / 2023-05-08

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan muloqot qildi. Unda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha shu yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan referendum yakunlari haqida so‘z bordi.

Yig‘ilishda qatnashgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov Bosh qomusimizda aksini topgan normalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar xususida fikr bildirdi.  

– O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi bevosita xalqimizning irodasi, ovozi bilan qabul qilindi, deyish mumkin. Konstitutsiya – xalq Konstitutsiyasi, xalq pasporti deya e’tirof etilayotgani bejizga emas. Qomusimizni shakllantirishda takliflar aholining o‘zidan olindi, xalq vakillari shakllantirib, yana qayta xalqning o‘ziga, ya’ni qabul qilish uchun berildi.  

Qomusimiz ichidagi eng ko‘p normalar inson huquq va erkinligini ta’minlash, aholi farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan. Konstitutsiyani amalga oshirish uchun belgilangan tartibda muhim chora-tadbirlar kerak bo‘ladi. Avvalambor, uning har bir qoidasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar rejalari bo‘lishi shart.  

Eng asosiysi, ushbu hujjat ijrosini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilishimiz zarur. Inson huquqlariga aloqador qonunlar borki, ularga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab etiladi. Shuning uchun ham biz, deputatlar oldida qator vazifa turibdi.  

Bosh qomusimizda shunday qoida borki, insonga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari uning qilmishiga mutanosib bo‘lish kerak. Bu, o‘z navbatida, amaldagi huquqiy ta’sir chorasini qo‘llovchi qonunlarimiz ham butkul qayta ko‘rib chiqilishiga olib keladi.  

Shu bois, biz, deputatlar bu borada qonunchilikni yanada takomillashtirish, uni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish, hujjatlarni amalga oshirish mexanizmlarini yana bir bor ishlab chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, endi xalq vakillari Konstitutsiyaga kiritilayotgan normalar hayotga tatbiq etilishi ustidan parlament nazoratini ham olib borishi kerak.  

Har bir mansabdor shaxslarni kerak bo‘lsa, hisobotini, axborotini eshitib, ushbu sohadagi ishlarni yaxshilashga astoydil harakat qilishimiz maqsadga muvofiq bo‘lardi.  

O‘zA muxbiri B.XUDOYBERDIEV yozib oldi.