Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 24-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Jahongir Ramazonov O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan «INNO WEEK.UZ-2021» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasidagi “ INTERNATIONAL ROBOTICS CHALLENGE -2021» musobaqasida g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblik yosh ixtirochiga Turkiya davlatining Anqara shahridagi «Ostin» texnika universitetiga grant asosida o‘qish imkoniyatini tuhfa etdi. Ushbu xalqaro tanlovda 16 ta davlatdan 40 nafar turli millat vakillari qatnashdi.
– 5-sinfda texnologiya fani o‘qituvchimiz Davlat Yavqochdiyev meni texnik yo‘nalishda bo‘lib o‘tayotgan tuman musobaqasiga olib bordi, – deydi Jahongir.
– Shu yerda o‘quvchilar tomonidan yasalgan texnik qurilmalarni ko‘rib, menda o‘z qo‘lim bilan mustaqil ravishda nimalardir yasash, yaratish ishtiyoqi tug‘ildi. Shundan so‘ng tumandagi «Barkamol avlod» bolalar maktabining «Robototexnika va konstruktorlik» to‘garagiga qatnay boshladim.
Jahongir 50 dan ortiq ixtirolar yaratdi. Bu innovatsion g‘oyalari bilan «Ixtirochi bolalar», «Raketamodel», «Ijodkor bolalar», «Mening innovatsion g‘oyam» kabi tanlovlarning tuman, viloyat hamda respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 2021 yil yosh ixtirochi uchun nihoyatda omadli keldi. Joriy yilning 8 noyabr kuni u Toshkent shahrida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Kashfiyotchi bolalar» ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Zarif Komilov, O‘zA