Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan milliy kurash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Termiz shahridagi “Alpomish” yopiq kurash majmuasida o‘tkazilgan bellashuvda qizlar 63 kilogramm, erkaklar 66, 81 va mutlaq vazn toifasida gilamga tushdi.
Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqaning qizlar o‘rtasidagi bahslarida Jarqo‘rg‘on tumanilik Shohista Nazarova birinchi, Termiz shahridan Tillo Xonimqulova ikkinchi va qumqo‘rg‘onlik Yulduz Muhammadiyeva bilan jarqo‘rg‘onlik Charos Abdullayeva uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, erkaklar o‘rtasidagi ikkala vazn toifasida ham g‘oliblar aniqlandi.
Mutlaq vazn toifasidagi bellashuvlarda oltinsoylik polvon Jahongir Mamatrahimov raqiblaridan ustun kelib, bosh sovrin – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. Jarqo‘rg‘onlik polvon Shermuhammad Jandriyev ikkinchi, sariosiyolik Muhsin Hisomiddinov va qashqadaryolik Shohrux Baxtiyorovlar uchinchi o‘rinni egallab, tuya va ot sovrinlariga egalik qildi.
[gallery-26736]
Musoboqada 63 kilogramm vazndagi qizlar va 66, 81 kilogramm vazn toifasidagi erkaklar o‘rtasidagi bellashuv g‘oliblariga ot, ho‘kiz, qo‘chqor sovrinlari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri