English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahongir Otamurodov: “Surxondaryo tog‘lari maftunkor, tabiati go‘zal, tarixiy joylarga boy hudud ekan”
17:27 / 2022-09-16

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabalari “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Surxondaryo viloyatidagi buyuk ajdodlarimiz xoki mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, arxeologik yodgorliklar va boshqa sayohat manzillarida bo‘lmoqda.

“Kasaba-Samarqand” unitar korxonasi sayyohlik agentligi hamda Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan sayohat tog‘li Boysun tumanidagi Sayrob qishlog‘idan boshlandi. Qishloqning qariyb bir asrlik tarixga ega osmono‘par chinorlari, shifobaxsh buloq suvi, go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh giyohlari va quyosh nuriga to‘yingan tabiiy mevalari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Hududdagi eramizdan avvalgi 3-4 asrlarga oid Uzundara chegara qalasi haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

–Ko‘hna Surxon vohasi bizda katta qiziqish uyg‘otdi,– deydi Navro‘za Suyarqulova.– Go‘zal tabiat manzaralari, ming yillik chinorlarini ko‘rib, hayratlandik. Uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan arxeologik yodgorliklar bilan yaqindan tanishib, ulug‘ ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilayotganimizdan quvonchimiz cheksiz. Sayohatimizni sermazmun o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratib berilganidan juda mamnunmiz.

Samarqandlik bo‘lajak arxitektor-quruvchilar Sherobod tumanida mangu qo‘nim topgan buyuk muhaddis Iso Termiziy, Termiz tumanidagi Hakim Termiziy, Termiz sayyidlari xonadoni asoschisi, payg‘ambarimiz avlodlaridan bo‘lgan Hasan al-Amir xoki qo‘yilgan Sulton Saodat majmualarini ziyorat qildi. Qadimiy arxitektura yechimlariga ega “Qirqqiz” qalasi bilan tanishdi.

[gallery-8815]

–To‘rt kunlik sayohat chog‘ida talaba-yoshlar vohaning boy tarixi, madaniyati, urf-odatlari, maftunkor tabiat manzaralari bilan yaqindan tanishmoqda,– deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Z.Alimardonova.– Shu kungacha 1-III asrlarga oid Fayoztepa, Qoratepa arxeologik yodgorliklarida, muzeylarda ham bo‘lib, viloyatning boy tarixga ega o‘tmishi haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi. Uchqizil ko‘li atrofidagi zamonaviy turistik zonalarda madaniy hordiq chiqardi.

Maftunkor tabiat manzaralari, shifobaxsh buloq suvlari, uzoq o‘tmishi va boy tarixi bilan dunyo sayyohlarini o‘z bag‘riga chorlayotgan Surxon vohasida 570 ga yaqin madaniy meros obekti mavjud. Shu bois ham hududning boy turistik salohiyati talaba-yoshlarga o‘zgacha zavq ulashmoqda.

–Surxondaryoni juda ko‘p eshitganman. Lekin, birinchi marta bo‘lishim, – deydi Jahongir Otamurodov .– Tog‘lari maftunkor, tabiati go‘zal, havosi toza, tarixiy joylarga boy hudud ekan. Bizga juda yoqdi. Tarixiy obidalarini ziyorat qilib, ajdodlarimiz barpo etgan qadimiy yodgorliklarning yuksak did bilan qurilganiga guvoh bzldik. Uzoq o‘tmishga borib taqaladigan tarixi to‘g‘risida bir-biridan qiziq ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Sayohatimiz mazmunli, taassurotlarga boy o‘tayotganidan xursandmiz.

Talabalar bugun vohaning janubiy hududlarida sayohatni davom ettirdi. Sariosiyo tumanidagi mashhur Sangardak sharsharasini ko‘rib, tabiatning sehrli mo‘’jizasiga maftun bo‘ldi. Ertaga Boysun tumanidagi Xo‘jamayxona shifobaxsh bulog‘i hududi va baland tog‘lar bag‘ridagi Boysunning qizil kanionlari bilan tanishiladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri