Joriy yil bahor mavsumining seryog‘in kelishi natijasida Toshkentdagi asfalt yo‘llar ta’mirtalab ahvolga kelib qoldi.
Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (13-aprel kuni) mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, poytaxt ko‘chalaridagi nosoz holatga kelib qolgan asosiy avtomobil qatnov qismlarini 10 kun muddat ichida ta’mirlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi yo‘l-ko‘prik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Rasuljon Yuldashev shunday degan edi: “tegishli qaror asosida Toshkent shahridagi jamoat transport ko‘chalarida tun-u kun ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, bunga 524 nafar ishchi xodim, jami 216 ta texnika jalb qilinib, asfalt yotqizish bo‘yicha 35.000 kv.metr natijaga erishildi, shu bilan birgalikda, aholi xavfsiz harakatini ta’minlash maqsadida barcha tumanlardagi jamoat transport ko‘chalari qamrab olinadi. https://www.youtube.com/watch?v=PmE4_26QpF8m .
Topshiriq ijrosi 10 kundan 2 oyga cho‘zildi. Bugungacha erishilgan natijalar qanday?
Garchand shahar hokimi mas’ullarga 10 kun muhlat bergan bo‘lsa-da, ta’mirtalab yo‘llar ko‘pligi bois, topshiriq ijrosini bajarish ishlari hozircha davom etmoqda. Bu gal O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirining Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimini topishi va u bilan bog‘lanishi oson kechdi. Matbuot kotibining ma’lumot berishicha, birinchi yarim yillikda poytaxtimizda 223 ta ko‘chada 488,1 ming kv.m markaziy va ichki yo‘llar ta’mirlangan. Qolaversa, ta’mir ishlari hali davom ettiriladi.
Shundan so‘ng shahar ko‘rkini buzib turgan va ko‘pchilikning tiliga tushib ulgurgan achinarli yo‘llardan xabar oldik. Biroq, shaharning serqatnov bo‘lgan bu qismlariga hozircha navbat yetib kelmagan ekan, qaydam, balki bu ko‘chalar endi hisobga olinar. Bizga ma’lum bo‘lgani, quyida nomlari sanab o‘tiladigan ko‘chalarning ayanchli ahvoliga o‘sha hudud tuman mas’ullari va hokimlar uzoq vaqtdan buyon panja orasidan qarab kelmoqda.
Ahmad Donish ko‘chasidagi yer yutib borayotgan jamoat transport yo‘li.
Yunusobod tumani, Ahmad Donish ko‘chasidagi ushbu avtomobil yo‘lining 500 metr qismi 2021 yilning may oyida 40-50 sm.gacha cho‘kib, yo‘lning ushbu qismida transport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatilgan edi. Prezident tashrifidan so‘ng yangi foydalanishga topshirilgan ushbu yo‘lning muammolari ko‘p o‘tmay paydar-pay ochila boshladi. Ya’ni «Yunusobod-Turkiston» yerosti metro konstruksiyasi atrofi va yon qismlarini tuproq bilan qayta to‘ldirish va zichlash ishlari sifatli bajarilmagan, texnik nazorat talab darajasida olib borilmagan hamda avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari noto‘g‘ri loyihalashtirilgan. Natijada cho‘kish holati yuzaga kelib, davlatga 4,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Bunga sababchi bo‘lganlarning xatti-harakatlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilayotgani ham aytilgan edi. Shundan so‘ng tergov natijalari yoki bugungacha aniqlangan holatlar yoki ish sudga oshdimi yo‘qmi, bunga qayta to‘xtalib o‘tilmadi.
Bu haqida ma’lumot olish uchun Respublika Transport prokuraturasiga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi, tashkilot telefon go‘shagini birov ko‘tarmadi(27-iyun). Avvalroq mahalliy OAVda “Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasining 556 metrlik qismida yuzaga kelgan mazkur nosozlik hatto 10 oyda 7-marta ta’mirlangani” bot-bot aytilgan edi.
Biroq, ushbu ta’mir qay darajada bo‘lgan, nega uning sifati mukammal va talab darajasida bo‘lmayapti, nega muammo butunlay bartaraf etilmayapti? Oxirgi marotaba qachon ta’mir ishlari olib borildi? Shahar hokimi topshirig‘i bo‘yicha ushbu asosiy muammoga ham barham beriladimi-yo‘qmi?
Toshkent shahar hokimligining matbuot xizmati xodimi ushbu savollar yuzasidan “aytilayotgan manzildagi muammoning shahar hokimiyatiga aloqasi yo‘qligi, hokimiyat faqat loyihasi bilangina shug‘ullangani, 556 metrlik yo‘lning cho‘kishiga sabab bo‘lgan holatlar bo‘yicha sud qarori chiqqach, ta’mirlash ishlari olib borilishi”ni ma’lum qildi.
Ahmad Donish ko‘chasining 556 metrlik qismi boshidagi shundoq chorrahaning o‘zida esa mana bunday ayanchli cho‘kkan manzarani ko‘rish mumkin. Uning yonidagi kavlangan qismi ichida ulkan quvurlar joylashgan. Ushbu chuqurlik nima maqsadda kavlangani, oradan sal kam 6 oy vaqt o‘tib ham, nega ish nihoyasiga yetmayotgani va uning sabablari bugungacha mavhum bo‘lib qolmoqda. Xavotirlisi, yerning cho‘kayotgan va kavlangan qismi bilan “Yunusobod-Turkiston” yerosti metro yo‘nalishi orasidagi masofa juda yaqin. Bu kun kelib, favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelmasligi, aniqrog‘i, yo‘lning cho‘kayotgan qismi metro yo‘nalishini bosib yoki to‘sib qolmasligiga qanchalik kafolat bor?
Bu boradagi savolimizga javob izlab, “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati xodimiga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz ham javobsiz bo‘ldi (shuningdek, boshqa xodimlarga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz ham 30-iyun).
Mahalliy aholiga ko‘ra esa jamoat transportlari harakati uchun mo‘ljallangan, “Tegma to‘kilaman!” deb turgan ushbu yo‘nalishda har kuni, tungi soat 2:00 dan 4:00 ga qadar noma’lum shaxslar tomonidan avtopoyga (“Drift”) uyushtirilar ekan. Ular tinchligi buzilayotgan bemorlar-u keksalar dodini kimga aytishni bilmayotganini kuyinib gapirdi. Bu yuzasidan qilingan murojaatlar natijasiz qolmoqda ekan. Qoq tundagi bu taralla bedodlikni payqamaslik uchun esa mas’ullarni kamida g‘aflat bosib qolgan bo‘lishi kerak...
Yog‘och quti, xodalar bilan yashirilgan chuqurlik — vaziyatdan chiqishning boshqa iloji yo‘q!
Mirzo Ulug‘bek tumani, “Feruza” ko‘chasidagi mana bu chuqurlik uzoq muddatdan buyon ta’mirlanmay kelinayotgani bois, jamoat transportlari harakatiga xalaqit qilayotgan edi. Chuqurlik yonidan chetlab o‘tish uchun, yonma-yon va orqa tomondan boshqarilib kelayotgan transportlar harakatini ham hisobga olishi lozim. Bu esa haydovchiga ortiqcha tashvish tug‘diradi. Mas’ullar uzoq vaqt bu asosiy yo‘ldagi chuqurlikni yog‘och quti va xodalar bilan to‘sib, muammoni shu tariqa bartaraf etib kelayotgandi. Go‘yoki shundan boshqa iloji yo‘qdek! Yo‘lning boshqa yon qismlari ham to‘liq talab darajasida emas. Bilmadik, payqab qolishdimi yoki topshiriq sabab, O‘zA holatni tasvirga olgandan ikki kun vaqt o‘tib, chuqurlik mana bunday ko‘rinishda berkitildi. Bu yerdan tez-tez qatnovchi haydovchilar qatorida biz ham tuzatilgan manzaraga boqib, ish hali nihoyasiga yetmagan, degan fikrga keldik. Ishqilib, chuqurlikni yamaganlar ham shunday fikrda bo‘lsin.
“Yangi hayot”ning eski yo‘llari qachon hayotga qaytadi?
Tumanning haydovchilar o‘tishga yuragi bezgan asosiy yo‘llardan O‘zA ham o‘z xizmat mashinasida o‘tib bordi. Hudud shu qadar so‘lim va sokinki, buni qadamda uchraydigan qator simyog‘ochlarda laylaklarning in qurib, qulochlarini keng yozgancha, erkin parvoz qilayotganidan his qilish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda Yangi hayot tumani shahar shovqinidan bezganlar uchun ayni muddao! Ammo jamoat transport yo‘lida ketayotib, katta-kichik chuqurliklar va yoriqlarni sanab, sanog‘iga yetib bo‘lmaydi, vaziyat shunchalik og‘ir ahvolda! Kamiga mahalliy aholiga ko‘ra, yo‘llarni istasa yoritib, istamasa yoritmay qoladigan simyog‘ochlarning el koriga yaramayotgani ham tumanda uzoq vaqtdan buyon yechim kutayotgan masala...
Savol tug‘iladi, holat shu darajaga yetib kelguncha, mas’ullar bu ko‘chadan o‘tmaganmikan yoki o‘ziga qarashli hudud asosiy yo‘llarida qanday muammolar borligidan ularning xabari yo‘qmi? Jamoat transporti qatnaydigan asosiy yo‘l ham shu darajada ayachnli bo‘ladimi? Yoki bu asosiy ko‘chalar ham ta’mirlanishi uchun albatta, prezident kelishi kerak-mi? Ilma-teshik bo‘lib borayotgan bu transport qatnovi qismiga mas’ullarning sovuqqonlik va loqaydlik bilan qarab kelayotgani xalqparvarlik va vijdon kabi oliy insoniy tushunchalarga nechog‘lik mos keladi? Vaholangki, yo‘l ikki chetida dala ekin maydonlari bo‘lib, haydovchilarning aytishicha, bu maydonlarda bug‘doy, sholi ekiladi, hosildan tuman hokimi va mas’ullar kelib xabar olib turar ekan. Yoki ular hosilni vertolyotda kuzatarmikan?
- “Tuman hokimi mutlaqo bu yo‘llarga qaramaydi, faqat yo‘l chetida ekiladigan bug‘doy, sholiga qaraydi. Bir necha marotaba biz haydovchilar birlashib, chuqurliklarni yamadik, ammo katta yuk mashinalari o‘taverib, o‘zimiz mustaqil qilgan ta’mirimizni bir pul qilib ketadi”, deya noliydi, chuqurliklarga tushaverib, xarajatlardan boshi chiqmayotgan haydovchi.
Agar bu yo‘llardan og‘ir ahvoldagi bemorni olib ketayotgan tez tibbiy mashinalari o‘tishini hisobga olsak, shifoxonaga yetib borgunga qadar uning ahvoli nima kechishini tasavvur qilavering.
“Oloy” bozori ro‘parasidagi asosiy yo‘lda haydovchilar chuqurlikka “birrov sho‘ng‘iydi”
Oloy bozori ro‘parasidagi bu asosiy yo‘lda ham cho‘kish hosil bo‘lgani bois, unga jamoat transportlari birrov “sho‘ng‘ib” olishga majbur bo‘lmoqda. Shaharning eng serqatnov qismidagi mazkur nosozlik haydovchilar joniga tegib bo‘lgan, mas’ullar esa hali bu pastlikka sho‘ng‘imagan ko‘rinadi...
Shuningdek, Parkent tumaniga ketaverishda ko‘prik yonidagi asosiy jamoat transporti qatnaydigan yo‘lda ham anchadan buyon ta’mirga muhtojlik bor! Ko‘rib turganingizdek, katta-kichik, yuk mashinalarini boshqarayotgan haydovchilar bu asosiy yo‘ldan o‘tishga qiynalmoqda. Birinchidan, yo‘l keng emas, ikkinchidan, nosoz!
Xullaskalom, Toshkent shahar hokimi kutilmaganda xayrli va savobli ishning boshini tutdi, mas’ullarga ishonch bildirdi. Xalq hokimni duo qildi, uning topshirig‘i ijrosi yuz foiz bajarilishiga esa hali umid qilib turibdi. Xayriyat, bugungacha asosiy yo‘llar risoladagidek ta’mirlandi, sifatiga esa xalq baho beradi. Ammo yuqorida nomlari sanab o‘tilgan hududlardagi muammolarga mas’ullarning qo‘li qachon tegadi? Ularga yana qancha vaqt kerak? Bu yuzasidan ijobiy yechim va rasmiy izoh kutib qolamiz.
Kuzatuvlarimiz esa hali davom etadi.
M. Eshmirzayeva D. Yoqubov,O‘zA