Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahongashta turkshunos
09:38 / 2021-12-25

Bugun taniqli o‘zbek tilshunosi, filologiya fanlari doktori, professor, Jo‘liboy Eltazarov 60 yoshga to‘ldi.

Uning ilmiy-pedagogik faoliyati haqida fikr yuritish uchun gapni uzoqroqdan boshlashga to‘g‘ri keladi.

Mantiqan o‘zbek tili va adabiyotini tadqiq etib kelayotgan olimlarning hammasi ‒ turkshunos, albatta.  Chunki o‘zbek tili ‒ turkiy tillardan biri. Hatto, biz xalq sifatida qirqqa yaqin turkiy millatlar orasida son jihatidan turklardan keyingi ikkinchi o‘rinda turamiz. Turkiy tilda yaratilgan adabiy merosning miqdori va sifati jihatidan esa dunyoda bizga yetadigan boshqa xalq ‒ yo‘q.

Biroq “turkshunos” deganda ko‘proq bir necha turkiy til yoki adabiyotni biladigan, ularni o‘zaro qiyoslab o‘rganadigan xos mutaxassislarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Axir, filologiyamizda turkiy tillarni qiyosiy o‘rganish, turkiy adabiyotlarni o‘zaro solishtirib tadqiq etish allaqachon bir maxsus yo‘nalishga aylanib ulgurgan.

Shu ma’noda filologiya fanlari doktori, professor Eltazarovni haqiqiy turkshunos hisoblash ‒ lozim. Uning jahon turkshunosligida o‘ziga xos o‘rni va mavqei ‒ bor.

Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida:

 

Turk nazmida chu tortib men alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam, ‒ 

 

deya faxrlanadi. Bu yerda turkiy tilli el bir bayroq (“alam”) ostida birlashtirilgani haqida so‘z boryapti. Baytdagi “mamlakat” so‘zini ham o‘z ma’nosida, ya’ni “bir siyosiy boshqaruv asosida boshqariladigan davlat” deb emas, balki kengroq, ya’ni “turkiy tilli xalqlar yashaydigan hududlar” ma’nosida tushunish kerak bo‘ladi. “Yakqalam aylamak”, aslida, bir hukm ostida bo‘ysundirishni anglatadi. Biroq bu yerda buyuk shoir turkiy til atrofida siyosiy emas, ma’naviy birlashishni ko‘zda tutgani ham ‒ ayon.

Jo‘liboy Eltazarov Jahon O‘rta Sharq tadqiqotlari Kongressi (WOCMES), AQSHdagi Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari jamiyati, Yaponiyadagi Tiyonshan tadqiqotlari jamiyati hamda Turk tili jamiyati (TDK) a’zosi hisoblanadi. Turkiya Respublikasida chiqadigan Uluslararası Türk Lehçe Araştırmaları Dergisi (TÜRKLAD), Akademik Tarih ve Düşünce Dergisi (ATDD) xalqaro ilmiy jurnallarining tahrir hay’at a’zosi.

Jo‘liboy Eltazarov tashabbusi va rahbarligida Turkiya Respublikasi Hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligining ilmiy grantlari qo‘lga kiritilgan. Grantlar doirasida muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilishi bilan bir qatorda, SamDU filologiya va fizika fakultetlari zamonaviy multimediatik vositalar bilan jihozlangan maxsus darsxonalar barpo etilgan.

Jo‘liboy Eltazarovning har bir talabani ruhlantirish, uning ilmga intilishi uchun o‘ziga xos yondashuvi ‒ bor. Shuning uchun 5 shogirdi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga erishdi. Yana shunchasi falsafa doktori dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda. Shogirdlaridan biri Prezident stipendiyasi sovrindori, 
4 nafari filologiya fani bo‘yicha respublika olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan.

Olim xorijiy universitetlarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish bo‘yicha fan dasturi, darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari yaratgan kam sonli mutaxassislardan biri hisoblanadi. U Yaponiya universitetlari uchun “Uzubekugo bumpou kaiwa niyuumon”  (“O‘zbek tilining boshlang‘ich kursi. Grammatika va matnlar”) hamda Turkiya Respublikasi universitetlari uchun “Özbekçe öğreniyoruz. Gramer kuralları. Diyaloglar. Alıştırmalar. Metinler. Tablolar. Sözlük” (“O‘zbekcha o‘rganamiz. Grammatika qoidalari. Dialoglar. Mashqlar. Matnlar. Lug‘at”) darsliklarini tayyorlab, nashr ettirgan.

Uning “So‘z turkumlari haqidagi lingvistik nazariyalar”, “So‘z turkumlari paradigmasidagi o‘zaro aloqa va ko‘chish hollari”, “Jahon va o‘zbek tilshunosligida so‘z turkumlarini o‘rganish tarixidan” kabi monografik tadqiqotlari ilmiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan.

J. Eltazarov rahbarligida O‘zbekistonda filologiya, turkologiya, dialektologiya, ta’lim tarixi fanlari va ularning amaliyotga tatbiqlari sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarga jahon olimlarining e’tiborini qaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, bu fanlarning dolzarb muammolari bo‘yicha Samarqand shahrida 20 dan ortiq xorijiy davlatlar olimlari ishtirokida 4 ta xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil qilindi.

Olimning “O‘zbekcha-yaponcha-inglizcha lug‘at”, “O‘zbekcha-yaponcha-inglizcha so‘zlashgich”, “O‘zbekcha o‘qish kitobi” nomli darslik va o‘quv qo‘llanmalari Osaka universiteti, Tokio Chet tillari universiteti, Kioto universiteti, Kobe universiteti kabi mashhur oliy ta’lim muassasalarining o‘quv axborot-resurs fondidan joy olgan.

J. Eltazarovning turk tilidagi “Turkiston olimlari” kitobida buyuk ajdodlarimiz haqida atroflicha ma’lumot beriladi. U, xorijdagi o‘zbek jamiyatlari talabiga ko‘ra, bir necha marta nashr etilgan.

Domla 1999 ‒ 2000 yillari Busan Chet tillar universiteti(Janubiy Koreya)da, 2003 ‒ 2005 yillari Berlindagi Gumboldt va  Frey universitetlari(Germaniya)da, 2007 ‒ 2010 yillari Osaka universiteti(Yaponiya)da, 2010 ‒ 2014 yillari Mug‘la Sitki Kochman universiteti(Turkiya)da professor sifatida ishlagan.

Olimning mamlakatimizda turizm uchun yetuk kadrlar tayyorlab berish borasidagi qizg‘in faoliyati ham ‒ tahsinga sazovor. Chunki u ‒ hozirgi paytda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori. 

U Turkiya Respublikasining ustun xizmat nishonlari (2017, 2018) va Mo‘g‘ulistonning Chingizxon medali (2009) bilan taqdirlangan.

Olim rus, ingliz, turk, fors, uyg‘ur, koreys, yapon, qozoq, tojik, kurd tillarida erkin so‘zlasha oladi. Shu bois, xorijiy mamlakatlar olimlari bilan hamkorlikda bir nechta xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirishda faol  ishtirok etmoqda.

Umuman olganda, olimning butun hayoti xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu, ayniqsa, yangi tashkil topgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti umummanfaatlariga to‘la mos keladi, deb hisoblaymiz.

Olimning umriga umr qo‘shgan bo‘lsin. Ezgu ishlarni amalga oshirishda unga kuch-quvvat tilaymiz.

 

Muslihiddin MUHIDDINOV,

SamDU professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi.

Sultonmurod OLIM, 

“Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.