Jahon jurnalistikasida o‘z o‘rni va obro‘siga ega, xalqaro miqyosda taniqli jurnalist va yozuvchi Yuriy Sigov Jizzax viloyatining Zomin tumanida mehmon bo‘ldi. U tashrifi davomida Zominning boy tarixi, tabiiy go‘zal manzaralari hamda zamonaviy turistik imkoniyatlarini o‘rgandi.
Yuriy Sigov nafaqat sayohatchi, balki butun dunyodagi ijtimoiy, siyosiy va madaniy jarayonlarni chuqur tahlil qiluvchi jurnalist sifatida ham tanilgan. U kasbiy faoliyati mobaynida 150 dan ortiq mamlakatda bo‘lgan, ko‘plab davlatlarda uzoq muddat faoliyat yuritgan. Uning qalami ostidagi materiallar Afrika cho‘llaridan tortib Amazonka bo‘ylab kengliklarga, Tinch okeanidagi yo‘qolgan atollardan Magellan bo‘g‘ozigacha bo‘lgan hududlarni qamrab olgan.
Ayni paytda Yuriy Sigov AQSHda faoliyat yuritadi. Ilgari Buyuk Britaniya va Gonkongda yashab reportajlar tayyorlagan, shuningdek, BMT ning Janubiy Afrikadagi missiyasida matbuot kotibi vazifasida ishlagan. U jurnalist sifatida juda katta tajriba va malakaga ega.
Zominga tashrifi davomida Yuriy Sigov rafiqasi Anna-Irina Ivanovna bilan birga hududdagi eko, ekstremal va gastronomik turizm yo‘nalishlarini o‘rgandi. Ular sayyohlik salohiyatini ochishda muhim bo‘lgan omillarni – tabiat, infratuzilma, mahalliy madaniyat va xalq mehmondo‘stligini chuqur tahlil qildi. Shu orqali u o‘z reportajlarida mamlakatimizning turistik jihatdan boy va o‘ziga xos jihatlarini xalqaro maydonda yoritishni maqsad qilgan.
Yuriy Sigovning ushbu tashrifi nafaqat jurnalistik nuqtai nazardan ahamiyatli bo‘ldi, balki Zomin tumanidagi turizm rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri