Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosini keng targ‘ib qilishga doir ishlar tahliliga va istiqboldagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 yanvardagi "Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mohiyatini yoshlarga kengroq targ‘ib etishda muhim hujjat bo‘ldi.

Undga muvofiq, boburshunoslik sohasida ko‘plab tadqiqotlar, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar muntazam o‘tkazilmoqda. Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga – Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Prezidentimizning Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini nishonlashga oid qarori ulug‘ bobokalonimiz nomini dunyoga yanada ko‘proq targ‘ib etish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir, – dedi Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi, atoqli boburshunos olim Zokirjon Mashrabov. – Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli dastur ishlab chiqildi. O‘zbek, rus va ingliz tillarida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga oid "Bobur ensiklopediyasi"ni qayta chop etish ko‘zda tutilmoqda. Bobur ijodiga oid elektron platforma yaratish ustida ish ketmoqda. Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yirik xalqaro simpozium o‘tkazildi. Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlardan olimlar ishtirok etdi. Anjumanda boburshunos olimlar kelgusidagi vazifalar xususida batafsil fikr almashdilar. Bobur merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, tegishli tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik olib borilmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar Prezident qarorida belgilangan vazifalar, xususan, Bobur ensiklopediyasining 3-nashri, Bobur asarlari lug‘atini yaratish, shoir asarlarining chet tillariga tarjima qilinishi, elektron platforma yaratish jarayonlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari Xayriddin Sultonov, Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
N.Usmonova, O‘zA