French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon yong‘in-qutqaruv sporti ustalari Samarqandda
15:55 / 2022-10-01

Samarqand shahridagi "Afrosiyob arena" sport majmuasida yong‘in-qutqaruv sporti bo‘yicha erkaklar o‘rtasida XVII, ayollar o‘rtasida VIII jahon chempionati boshlandi.

Ayollar o‘rtasidagi chempionatda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Turkiya respublikalari jamoalari g‘oliblik uchun kurashmoqda. Erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslarida 11 davlat - O‘zbekiston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston,  Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Belarus va Qirg‘iz respublikalari jamoalari ishtirok etayotir. 

Musobaqa ayollar o‘rtasidagi to‘rt qavatli binoning ikkinchi qavatini narvon orqali ishg‘ol qilish bahsi bilan boshlandi. Erkaklar jamoalari esa to‘rt qavatli binoning to‘rtinchi qavatini ishg‘ol qilish bahslarida o‘zaro bellashdi.

– Jahon chempionatida birinchi bor ishtirok etmoqdaman,– deydi Qirg‘iz respublikasi jamoasi a’zosi Janat Muqtaliy uli. – Samarqandda o‘tayotgan musobaqa menda katta taassurot qoldirmoqda. Har jihatdan puxta hozirlik ko‘rilgan. Musobaqada qatnashayotgan boshqa do‘stlarim ham buni ta’kidlamoqda. Yaratilgan sharoitlar sportchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda. Yuqori kayfiyat musobaqada ham yuqori natijalarga erishimizga xizmat qiladi. Barcha ishtirokchilarga omad tilayman.

Chempionatlarda 200 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda. Xalqaro o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar federatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan chempionat bahslari 5 oktyabrga qadar davom etadi.


G‘.Hasanov, 
A.Isroilov (surat), O‘zA