French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon va qit’a chempionatlarida qatnashadigan tennischilar saralandi
15:17 / 2026-02-16

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi sport majmuasida ayollar va erkaklar o‘rtasida yakkalik, juftlik, aralash juftlik, jamoaviy va aralash jamoaviy yo‘nalishlarda o‘tkazilgan mamlakat chempionati bahslari qiziqarliligi bilan alohida ajralib turdi.

Ikki haftalik shiddatli bahslarning erkaklar guruhida 94, ayollar guruhida 86 nafar reytingga ega kichik raketka ustalari chempionlik yo‘lida kurash olib bordi.

Ushbu O‘zbekiston chempionati joriy yilning 28-aprel-10-may kunlari Angliyaning London shahrida bo‘ladigan jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati hamda 19-25-oktabr kunlari yurtimizda tashkil etiladigan Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan mahorat egalarini saralashga qaratilgani sabab har bir o‘rin uchun kechgan kurashlar muxlisu mutaxassislar e’tibor markazida bo‘ldi.

Musobaqalarning yakkalik o‘yinlarida Zohid Kenjayev, Shohrux Iskandarov, Jamshid Rahimberganov va Diyorbek Dilshodov erkaklar o‘rtasida, Adelina Hasanova,  Arujan Kamolova, Diana Polegayeva va Asel Erkebayeva ayollar o‘rtasida 2026-yilgi mamlakat birinchiligining sovrindorlari, degan nomga musharraf bo‘ldi.

Chempionatning erkaklar o‘rtasidagi juftlik bahslarida Zohid Kenjayev/ Diyorbek Dilshodov, ayollar o‘rtasidagi juftlik musobaqalarida Asel Erkebayeva/Adelina Hasanova tandemi, aralash juftlikda Z.Kenjayev/A. Kamolova g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Jamoaviy musobaqalarda esa Toshkent shahri, Andijon viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tennischilari o‘z yo‘nalishlarida chempionlik maqomiga ega chiqdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA