Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon suv kongressida O‘zbekistonning innovatsion yondashuvlari taqdim etiladi
12:02 / 2025-12-02

Jahon suv resurslari va ularni samarali boshqarish masalalari bugungi kunda global darajada dolzarb ahamiyatga ega. Texnologik taraqqiyot, iqlim o‘zgarishi va aholi sonining o‘sishi tufayli suv resurslariga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu esa suv ta’minoti tizimlarini barqaror va samarali rivojlantirishni taqozo qiladi.

Shu kunlarda Marokash qirolligining Marrakesh shahrida Xalqaro suv resurslari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan XIX Jahon suv kongressida aynan shu masalalar muhokamasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kongress “O‘zgaruvchi dunyo sharoitida suv: innovatsiya va moslashuv” mavzusida tashkil etilgan bo‘lib, unda global suv tizimlarini mustahkamlash va barqaror kelajak uchun innovatsion yechimlarga ham  keng urg‘u berilmoqda.

Ta’kidlash joiz, mazkur kongress eng yirik ilmiy-amaliy anjumanlardan biri hisoblanib, unda 100 dan ortiq mamlakatdan xalqaro ekspertlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, suv ta’minoti va irrigatsiya sohasi mutaxassislari qatnashyapti.

Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Timur Butunboyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.

Kongress doirasida ishtirokchilar suv xavfsizligi va barqaror rivojlanish masalalari, iqlim o‘zgarishi va uning suv resurslariga ta’siri, shuningdek, irrigatsiya, drenaj va qishloq xo‘jaligi suv ta’minoti kabi muhim yo‘nalishlarni muhokama qiladi. Shu bilan birga, shahar va qishloq suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, suv diplomatiyasi va transchegaraviy suv resurslarini boshqarish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur nufuzli tadbir 5 dekabrgacha davom etadi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi kongressda milliy tajriba asosida innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surishi kutilmoqda.

Ahamiyatli jihati shuki, O‘zbekiston delegatsiyasining Jahon suv kongressidagi ishtiroki nafaqat mamlakatning suv ta’minoti sohasidagi ilg‘or tajribasini namoyon qilishga, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va global suv resurslarini samarali boshqarishga qaratilgan muhim qadamdir. Shuningdek, bu tadbir O‘zbekiston uchun innovatsion yechimlarni ilgari surish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida xalqaro tajriba bilan almashish imkonini bermoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA