French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlariga bag‘ishlangan ilmiy muloqot
15:17 / 2025-08-01

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonidagi so‘nggi yangiliklar va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan maxsus ilmiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi erishgan sezilarli yutuqlari, jumladan, muzokaralar jarayonining borishi, qabul qilingan muhim qarorlar va xalqaro hamjamiyatda muhokama qilinayotgan masalalar xususida so‘z bordi. Xususan, ishtirokchilarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi milliy iqtisodiyotni liberallashtirish, raqobatbardoshlikni oshirish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi. Bu esa mamlakatning global savdo tizimidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Deputat U.Yoqubxo‘jayev O‘zbekistonning milliy qonunchiligini JSTning fundamental tamoyillari va me’yorlariga moslashtirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtaldi. Bu jarayon savdo siyosati, intellektual mulk huquqlari, sarmoyaviy muhit va boshqa sohalardagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni qamrab oladi. Ma’ruzachi islohotlarning maqsad va ahamiyatini, shuningdek, ularning mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarishdagi o‘rnini tushuntirdi. 

Bu islohotlar savdo va investitsiya muhitini yanada shaffof va qulay qilishga qaratilgani alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, tadbir davomida U. Yoqubxo‘jayevning yangi kitobi – “JSTning huquqiy arxitekturasi va uning assimetriyalari”ning taqdimoti bo‘ldi. 

Qayd etilganidek, ushbu fundamental asar JSTning huquqiy asoslarini, uning global savdo tizimidagi o‘rnini, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelishi mumkin bo‘lgan nomutanosibliklar va chaqiriqlarni chuqur tahlil qiladi. 

Kitob xalqaro savdo huquqi, iqtisodiyot va diplomatiya sohasidagi mutaxassislar, tadqiqotchilar va talabalar uchun muhim qo‘llanma bo‘lishi kutilmoqda. Taqdimot davomida kitobning asosiy g‘oyalari va uning ahamiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA