Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006 yil 27 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Singapur shartnomasining maqsadi ushbu sohada barcha mamlakatlarda va mintaqaviy tashkilotlarda faoliyat yurituvchi tovar belgilarini huquqiy himoya qilish tizimidan foydalanuvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Mazkur hujjat 2006 yil 27 martda qabul qilingan bo‘lib, hozirgi vaqtda dunyoning 50 dan ortiq davlati uning ishtirokchisi hisoblanadi.
Muhokama chog‘ida xalqaro hujjatda tovar belgilariga talabnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va topshirish tartibi, litsenziya shartnomalari va boshqa hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritishning o‘ziga xos xususiyatlari, tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishning amal qilish muddati va boshqa qoidalar belgilangani ta’kidlandi.
Qonunda Singapur shartnomasi 29-moddasining 4-bandi bo‘yicha huquqlar buzilganida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashga doir har qanday huquq O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq litsenziatga berilishi uchun shart sifatida litsenziyaning ro‘yxatdan o‘tkazilishini talab qilishga oid qo‘shimcha shart inobatga olingan holda ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda.
Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi tovar belgisiga oid huquqning milliy tizimlarini ma’muriy tartib-taomillar nuqtai nazaridan uyg‘unlashtiradi.
Senatorlar ma’qullagan qonun mualliflik huquqini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishi yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
N.Abduraimova, O‘zA