Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik Oʻzbekistonga nima beradi?
15:54 / 2020-08-25

Maʼlumki, Jahon savdo tashkiloti (JST) – mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi.


Maʼlumki, Jahon savdo tashkiloti (JST) – mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Xoʻsh, ushbu tashkilotning asli vazifasi nimalardan iborat? Global dunyo uchun qanday ahamiyat kasb etadi? Unga aʼzo boʻlish qanchalik samara keltiradi? Keling, quyida shular haqida fikr yuritamiz.

Vazifalar va kutiladigan natijalar...

Avvalo qayd etish lozimki, JST (WTO, ingl. World Trade Organization) asosiy maqsadlaridan biri oʻzini-oʻzi himoya qilishning oldini olish va proteksionizm qoʻllanishini bekor qilishdan iborat. Mazkur tashkilot xalqaro tijorat uchun qulay huquqiy tizimni taqdim eta oladigan cheksiz imkoniyat eshigi. Oʻzaro qabul qilingan muhim hujjatlar davlatlarning oʻz savdo siyosatlarini kelishilgan mezonlarda olib borishlarida masʼuliyat yuklaydi. Bundan koʻzlangan maqsad – jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlarni ishlab chiquvchilar, eksportyor va importyorlarga koʻmak berishdir.

Xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo bitimlarining odilligini taʼminlash, iqtisodiy oʻsish va xalq farovonligini oshirish JSTning asosiy funksiyalari sirasiga kiradi. JST unga aʼzo boʻlgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni qatʼiy talab qiladi. Ushbu vazifani bajarish esa unchalik oson kechmaydi. Sababi, arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi chet el korxonalariga raqobat qila olmagan milliy korxonalar tanazzulga uchrashi ayni haqiqatdir.

Shunday ekan, Oʻzbekiston uchun kutiladigan natija nima boʻladi? Albatta, har bir ishning samaradorligi oʻsha davlat, muhitdagi yaratilgan sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga chambarchas bogʻliq kechadi. Buning uchun:

– iqtisodiyotni erkinlashtirish va sanoat tarmoqlari baravar rivojlanishini tartibga solish;

–narx-navoni tartibga solish va maqbul soliq tizimini vujudga keltirish; alohida sektorlar va ishlab chiqarishda subsidiyalarni saqlash;

– tovarlarni standartlash va sertifikatsiya qilish tizimini tartibga solish; xorij sarmoyalari jozibadorligini oshirish;

–import va eksport boj toʻlovlari tarifini tartibga solish talab qilinadi.

Har bir davlatning bu tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni oʻrtacha 8–10, baʼzi davlatlar uchun esa 10–15 yilni tashkil etadi. Oʻzbekiston 1995-yilda ariza topshirgan boʻlishiga qaramasdan, faqat 2017-yildan boshlab, ijobiy siljish kuzatilyapti. Lekin ustuvor sohalarning boshqaruvi 30 yildirki, monopolistlarning qoʻlida turibdi. Masalan, transport sohasida yagona aviakompaniya, temiryoʻl kompaniyasi xohlagan narxini oʻrnatadi, jamiyat, davlatchilik ular bilan samarali kurasha olmaydi. Bundan Oʻzbekiston iqtisodiyoti koʻp yildirki, aziyat chekmoqda.

Shuni ham taʼkidlash lozimki, dunyoning eng katta iqtisodiyot egalari – AQSH, Gʻarbiy Yevropa davlatlari, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlar JSTdan unumli foydalana oladi. Kichik davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston ham bu imkoniyatlardan toʻliq foydalana olmasligi ularning umumiy resurslariga borib taqaladi. Mamlakatimizning JSTga aʼzoligi YEOIIning tartib-qoidalari va monopoliyasiga tushib qolmaslikning oldini oladi, deb hisoblaymiz. Ichki monopolistlardan qutulish muammosi hal boʻladi. Xalqaro darajada erkin raqobat tizimi oʻz-oʻzidan yaratiladi.

Tarixi va tuzilishi qanday?

Mavzuni kengroq ochib berishda mazkur tashkilotning tarixi va tarkibiy tuzilishiga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. JSTga 1995-yil yanvarida asos solingan. 1994-yil 15-apreldagi Marokash deklaratsiyasida “uning natijalari jahon iqtisodiyotini mustahkamlaydi va butun dunyoda savdoni, investitsiyalarni kengaytirib, ishchi kuchi bandligi, daromadlarning oʻsishiga olib keladi. Shuningdek, u jamoaviy bahslar, muzokaralar va taqdimlash orqali mamlakatlar orasidagi savdo aloqalarini rivojlantiruvchi platforma hisoblanadi”, deb yozib qoʻyilgan.

1994-yildagi mahsulotlar savdosi haqidagi bitim, xizmatlar savdosi haqidagi bosh bitim, intellektual mulk haqidagi bitim Jahon savdo tashkilotining tarkibiy qismlariga kiradi. Mazkur hujjatlar aʼzo mamlakatlarning parlamentlari tomonidan tasdiqlangan.

1995-yildan faoliyatini boshlagan bu tashkilotga ayni vaqtda aʼzo boʻlgan 164 davlat uchun yangi bozorlar ochiq hisoblanadi. Oʻndan ziyod turli yoʻnalishdagi bitimlar uning normativ-huquqiy bazasini tashkil etyapti. Mazkur hujjatlar talabini bajarish tashkilotning barcha aʼzolari uchun majburiy sanaladi. Aʼzo boʻlishni istagan davlatlar oʻz milliy qonunchiligini ularga muvofiqlashtirishi kerak boʻladi.

Tashkilotda qarorlar ishtirokchi mamlakatlar yordamida konsensus – umumiy ovoz berish orqali qabul qilinadi. Nizomda qaror koʻpchilik ovozlar evaziga qabul qilinishi belgilab berilgan boʻlsada, hozirda bunday voqea tashkilot tarixida yuz bermadi. Qarorlar qoidaga koʻra, ikki yilda bir marta chaqiriladigan Vazirlar konferensiyasi tomonidan qabul qilinadi. Borayotgan ishlar borasida javobgar boʻlgan Bosh kengash yigʻinlarini tashkilotning maʼmuriy qarorgohi joylashgan Jeneva shahrida bir yilda bir marta oʻtkazadi. Yigʻilishlarda tashkilotga aʼzo mamlakatlar vakillari, elchilar ishtirok etadi. Bosh kengash qoshida nizolarni hal etish va savdo siyosati tahlillari bilan shugʻullanadigan organlar bor (jami 650 xodim ishlaydi). Bundan tashqari, uning tarkibida savdo va rivojlanish boʻyicha qoʻmita, savdo balansi borasida cheklovlar oʻrnatuvchi qoʻmita hamda byudjet, moliya va maʼmuriy masalalar bilan shugʻullanadigan qoʻmita faoliyat yuritadi. Bosh kengashdan quyi pogʻonada yana uchta kengash: tovarlar savdosi boʻyicha kengash, xizmatlar savdosi boʻyicha kengash va intellektual mulk huquqi boʻyicha kengash faoliyat yuritadi .

Afzalliklar koʻp, muammolar-chi?

Tashkilotga aʼzo boʻlishning ijobiy jihatlari koʻp.

Birinchidan, uning zamirida iqtisodiy manfaat turadi. Yaʼni, toʻsiqlarsiz oʻzaro mahsulot ayriboshlashga erishiladi va tovar ayriboshlanishi yuksak texnologiyalarning qoʻllanilishi hamda rivojiga hissa qoʻshadi.

Ikkinchidan, xalqning turmush darajasini yaxshilashga turtki beradi, insonlarga sifatli mahsulot isteʼmol qilish imkonini yaratadi.

Uchinchidan, eksport qilinayotgan mahsulotlar hisobiga milliy mahsulotlar tannarxi tushirilishiga xizmat qiladi.

Toʻrtinchidan, milliy ishlab chiqarish hajmini oshirib, byudjetga pul tushumlarini koʻpaytiradi, savdo liberallashuvi mamlakat va alohida vatandoshlarimizning daromadlarini oshiradi.

Beshinchidan, mehnat bandligiga ijobiy taʼsir etadi.

BMTga aʼzo aksar davlatlar JSTga ham aʼzo boʻlib kirgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasi 19 yillik kutishlardan keyin 2012-yilda, Qirgʻiziston 1998-yilda, Tojikiston 2012-yilda, Qozogʻiston 2015-yilda aʼzolikka qabul qilindi. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon JSTga aʼzolikni “energetika mustaqilligiga erishish va aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash” sari tashlangan muhim qadam, deb baholagan. Ammo bu jarayon silliq kechadi, degani emas. Demak, hukumat birinchi navbatda mahalliy shirkatlarni himoya qilishga qaratilgan jiddiy tadbirlarni ishlab chiqishi kerak boʻladi.

Bu oʻrinda tashkilotga aʼzolikning afzalliklarini Xitoy davlati misolida koʻrib chiqish ayni muddaodir. Xitoy 15 yillik murakkab muzokaralar olib borgandan soʻng, ushbu kelishuvlar asosida 2001-yil 11-dekabrda tashkilotga 143-aʼzo boʻldi. Biroq hukumatga bu borada qator ogʻir va mashaqqatli talablarni ilgari surishdi. Tarifni pasaytirish, AQSH kompaniyalari uchun zarur boʻlgan sanoat mahsulotlari uchun tariflarni 25 foizdan 7 foizgacha qisqartirish, Amerika fermerlari uchun zarur boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxini 31 foizdan 14 foizgacha arzonlashtirish, bank sektori, sugʻurta, telekommunikatsiya va kasbiy xizmatlar kabi muhim sohalardagi qator tarmoqlarni keng miqyosda ochish, tizimli islohotlar olib borish, oshkoralik masalasida chuqur islohotlarni oʻtkazish, Xitoyda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarga toʻsiqlarni bartaraf etish shular jumlasidandir.

Koʻrinib turibdiki, Xitoyning JSTga aʼzo boʻlishi bilan bogʻliq asosiy muammo bozorga kirish imkoniyati emas, balki iqtisodiy rejimning shaffofligi, huquqiy, maʼmuriy va institutsional tizimni shakllantirish majburiyatlarini bajarish mexanizmi boʻlgandi.

Muzokaralarning yakuniy bosqichida XXRga yana ushbu vazifalar ham qoʻyildi: eksportni rejalashtirish va eksport-import rejalarini amalga oshirish siyosatini rejalashtirish tizimini bekor qilish; tashqi savdo rejimining shaffofligi, litsenziyalash va kvota tizimi, davlat xaridlari bozori, xorijiy ishbilarmonlarga ichki bozor xizmatlaridan foydalanishni erkinlashtirish; eksport subsidiyalarini olib tashlash; davlat korxonalari moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdan voz kechish va qishloq xoʻjaligini himoya qilish.

Mazkur tahlildan xulosa shuki, Oʻzbekiston zimmasiga ham JST tomonidan siyosat va iqtisodda ochiqlikni taʼminlash, eksport-import va boshqa iqtisodiy tizimlarda rejalashtirishdan voz kechish, qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini import qilish boʻyicha davlat monopoliyasini bekor qilish yuklanadi. Ammo Xitoy bu shartlarni qabul qilishni davr zarurati, jahon iqtisodi qoidasini hurmat qilish, deb tushundi. Shunchalik murakkablik boʻlishiga qaramasdan, Xitoy hukumati JSTga aʼzo boʻlishning qiyinchiliklaridan koʻra, imkoniyatlari koʻproq boʻlishiga qattiq ishondi.

Tarixiy qarorga kelganidan soʻng, mamlakat ikki masalada yutdi: JSTga aʼzolik tufayli 2008-yilda boshlanib, hozirga qadar davom etayotgan jahon moliyaviy inqirozi sharoitida arzon boʻlgan Xitoy mollari uchun cheklovli kvotalar olib tashlandi, xalqaro mehnat taqsimotidagi eng foydali jihati – arzon ishchi kuchini eksport qilishga erishildi. Hozirgi kunda xorijda ishlayotgan 70 million muhojir (Gonkong va Tayvandan tashqari) yiliga taxminan 70 milliard dollar mablagʻni Xitoyga yuborib turadi.

Shu oʻrinda, mamlakatimiz uchun bu borada qanday muammolar yuzaga keladi, degan haqli savol tugʻiladi. Birinchidan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzoligi bojxona soliqlarini 8–10 foizgacha qisqartirishiga olib keladi. Bundan esa davlat byudjeti zarar koʻradi. Biroq oʻz navbatida, bojxona tariflarining keskin qisqarishi Oʻzbekiston bozorlarida mahsulotlarning arzonlashuviga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni liberallashtirish, sanoatni xususiylashtirish, bozor erkinligiga davlat aralashuvini cheklash borasida tugallanmagan ishlar turibdi.

Uchinchidan, respublika ichkarisida mahsulot ishlab chiqarish falaj holiga kelib qolish ehtimoli bor. Misol uchun, paxta mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan oʻzbek fermerlari arzon va sifatli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi Xitoy, Hindiston, BAA savdo shirkatlariga raqobat qila olmasdan, kasodga uchrashi mumkin. Oqibatda qishloq xoʻjaligida inqiroz kuchayib, minglab gektar yerlar boʻsh qolishi, dehqonlar, polizchilar uchun mahsulot ishlab chiqarish daromadsiz sohaga aylanib, ilgʻor mamlakatlarda ishlab chiqarilgan arzon va sifatli mahsulotlar sotilishiga olib keladi. Bu esa 70 foiz aholisi qishloqlarda yashaydigan yurtimiz uchun qoʻshimcha muammolarni tugʻdiradi.

Intellektual mulk huquqi tizimi va bozorining shakllanmaganligi, ixtirolarni amaliyotda qoʻllash, qaroqchi (pirat) mahsulotlar bozorining avj olganligini bartaraf etish yoʻnalishida ham muammolar toʻplangan.

Xususan, adabiy va badiiy asarlarni himoya qilishga doir Bern konvensiyasi (1971-yil 24-iyulda qabul qilingan Parij hujjati), “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan, respublikamiz va chet el mualliflarining yaratilgan asarlarini noqonuniy takrorlash – litsenziyasiz (qaroqchi) mahsulotdan foydalanish, kontrafakt mahsulotlarni CD, DVD, VCD, VHS, mp3 shaklidagi disklarga koʻchirib qalbaki nusxasini bozorlarda bemalol sotib, daromad koʻrish holatlari respublikamiz miqyosida avj olgan. Savdoga oid intellektual mulk huquqlari haqidagi bitim (TRIPS), gʻoya va ixtirolar uchun adolatli raqobat muhitini yaratish, nohalol raqobat majburiyatlari boʻyicha ham qator vazifalar hamon yechilmagan.

Xitoydek boʻla olamizmi?

Endi Oʻzbekiston tajribasida JSTga aʼzo boʻlish afzalliklari va ayrim kamchiliklarimiz xususida mulohaza yuritsak. Bugungi kunda ekspertlar guruhi (“Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiya tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2018-yil 24-dekabrdagi hukumatning 1040-son qarori) tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mutasaddi boʻlgan maxsus komissiya sezilarli tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirganiga shubhamiz yoʻq. Shunday boʻlsada, bu borada matbuotda yetarli axborot berilmaganligi bois, tahlilimiz asosida quyidagi ishlarni amalga oshirish zarurligiga eʼtiboringizni qaratmoqchi edim.

Birinchidan, mamlakat fuqarolari ijtimoiy guruhlarida daromadlar darajasining jiddiy farqlanishi “boʻshliq”ni yuzaga keltiryapti. Xuddi shu “boʻshliq” boshqa sohalarda islohotlarni oʻtkazishga xalaqit bermoqda.

Ayni chogʻda mamlakatimizdagi kambagʻallik darajasi 12–15 foiz atrofida ekanligi maʼlum qilindi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligi, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. Bizningcha, mua mmoning yagona yechimi shuki, “Yashash minimumi toʻgʻrisida”gi Qonun va konsepsiyani tezroq qabul qilishimiz lozim. Yuqoridagi komissiya “isteʼmol savatchasi” va “yashash minimumi”ni belgilash boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish va tahlil qilish ishlarini tugallashi maqsadga muvofiq. Hozirgi murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan, mazkur qonunga ehtiyoj kundan-kunga oshib boraveradi.

Ikkinchidan, ana shu muammoning tan olgan holda, JSTga aʼzolikni istab, yaqin yillarda erkinlashtirish va raqobatni jadallashtirish dasturlarini qoʻllagudek boʻlsak, jamiyatda ijtimoiy muammolar badtar koʻpayadi. Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda 4 milliongacha boʻlgan fuqarolarning ishlamasligi, qishloq joylarida ishsizlarni qoʻshgan holda, ularning soni taxminan 6 millionga yetishi, Rossiyada 3 million kishining mavsumiy asosda ishlashini hisobga olmaslik mumkin emas. Mamlakatning JSTga aʼzo boʻlishidan eng koʻp zararni qishloq aholisi koʻradi.

Uchinchidan, 2010–2019-yillarda YAIM (yalpi ichki mahsulot)ning aholi jon boshiga dinamikasi bir tekis rivojlanmagani, 2017-yilda bu koʻrsatkich 1491 AQSH dollarini tashkil etgani, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi natijasida Xitoy tajribasida boʻlgani singari ishsizlar sonining koʻpayib ketishiga va subsidiyalar asosida moliyalashtiriladigan mashinasozlik, dehqonchilik tarmoqlari ahvolining yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Toʻrtinchidan, mamlakat yirik tarmoqlarining bu iqtisodiy jarayonga tayyor emasligi, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ichki bozor narxlari tashqi bozor narxlaridan yuqori ekanligi bilan xarakterlanadi. Oddiy misol: 2020-yil iyul oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan “UzAuto Motors” AJda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi boʻyicha deputat soʻrovi koʻrib chiqildi. Qoʻmitaning maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganini tasdiqladi. Unga koʻra, avtomobillar narxlari 3 million soʻmdan 19 million soʻmgacha asossiz oshirilgani aniqlandi.

Bunga oʻxshagan holatni monopolligi bot-bot aytilayotgan “Artel”, “Akfa”, “Imzo” kabi oʻnlab aksiyadorlik jamiyatlari mahsulotlari narxida koʻrsa boʻladi. Oʻzbekiston tashkilotga qoʻshiladigan boʻlsa, ijobiy jihat shuki, 1996-yildan beri “UzAuto Motors” kabi avtomobil sanoatidagi proteksionizm siyosatidan voz kechilishiga, monopoliya tugatilishiga va aholi turmush farovonligi oshishiga erishiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishini tezlashtirish boʻyicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga BMTning Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Jahon banki, Xalqaro rivojlanish boʻyicha AQSH agentligi (USAID), Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya jamiyati (GIS) texnik koʻmak berayotganini ham taʼkidlab oʻtish lozim.

Maʼlum boʻlishicha, 2020-yilning 7-iyul kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida videokonferensiya shaklida Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi boʻyicha Ishchi guruhining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov boshchilik qilgan. Yigʻilish doirasida Oʻzbekistonning tashqi savdo rejimi toʻgʻrisida kengaytirilgan Memorandum muhokama qilindi.

Yangicha yondashuvlar va istiqbol yoʻli

JST – global platforma, undan mamlakat yaxshi foyda koʻradi. Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishdagi imkoniyatlarini qisqacha baholasak, bular – keyingi yillarda jiddiy islohotlarni boshidan kechirgan turizmning rivojlanishi, integratsiyalashuv imkoniyatlari ortishi, notarif cheklovlarning kamayishi, iqtisodiyotda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushining oshishi, iqtisodiyotda davlat monopoliyasining qisqarishida koʻzga tashlanadi. Lekin bu masalaning tashqi tarafi, shakli, xolos. Bizningcha, asosiy masala ichki tashkiliy-tuzilmaviy va texnologik tarafida – mazmunida boʻlib qolgan.

Xulosa shuki, Oʻzbekistonning xalqaro tashkilot vakillari bilan muzokaralari 2-3 yilga choʻzilishi ehtimoli mavjud. JSTga aʼzolik masalasi oson hal boʻlmaydi, oldinda juda murakkab bosqichlar turibdi.

Bir maqolada masalaning barcha jihatlarini batafsil yoritishning imkoni yoʻq. Mavzu va muammolar koʻlami shu qadar kengki, ularning birortasini koʻzdan qochirish yangi muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, togʻ-kon, neft-gaz sanoati, energetika, temiryoʻl, havo yoʻllari sohalarida xususiylashtirish hali oxiriga yetkazilmaganligi jiddiy muhokama qilinadi.

Eng muhim jihat shundaki, Oʻzbekiston birinchi navbatda oʻzining ichki iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal qilishi kerak. Geoiqtisodiyot bilan ham jiddiy shugʻullanishga toʻgʻri keladi. Bir vaqtning oʻzida ikki tashkilot kuzatuvchisi sifatida ham JST, ham YEOII bilan hamkorlik qilinayotganligi rahbariyat oldida oʻta murakkab vazifalarning oqilona yechimini topishni koʻndalang qoʻyadi. Ushbu dolzarb masalalarning ijobiy yechimiga erishish uchun Oʻzbekistonning milliy taraqqiyot yoʻli va yuksak farovonligiga xizmat qiladigan yangicha yondashuv hamda qarashlar belgilab olinadi, deb ishonamiz.

JSTga aʼzolik, avvalo, monopolist boshqaruviga barham beradi va erkin raqobat muhitini yaratadi.

Bunday dadil qadam esa yurtimiz istiqboli uchun, shubhasiz, muhim rol oʻynaydi.

Baxtiyor OMONOV,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori