Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon oziq-ovqat kuniga bag‘ishlangan fototanlov yakunlandi
10:31 / 2023-10-19

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tashkil topgan kun, 16 oktyabr – Jahon oziq-ovqat kuni 150 dan ziyod mamlakatda nishonlanadi. BMT taqvimidagi eng ahamiyatli sanalardan biri hisoblangan bu kunda dunyo bo‘ylab ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikka barham berish uchun nima qilish mumkinligi haqida qarorlar qabul qilinadi.

2023 yil uchun Jahon oziq-ovqat kuni mavzusi – “Suv, bu – hayot. Suv, bu – oziq-ovqat. Hech kim e’tibordan chetda qolmasin!”.

Ushbu muhim sana munosabati bilan FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida fototanlov tashkil etilib, yoshlar e’tibori yana bir bor oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va barqaror rivojlanish maqsadiga erishishda suv resurslaridan oqilona foydalanish muhimligiga qaratildi.Tanlov shartiga ko‘ra, ishtirokchilar o‘z ishlarida qishloq xo‘jaligida suvning rolini aks ettirishi, obi hayotdan unumli foydalanish, suv resurslari ifloslanishiga qarshi kurashish muhimligini va boshqa muhim jihatlarni ko‘rsatib o‘tishi lozim edi.

Respublikaning turli oliy o‘quv yurtlarida qishloq va suv xo‘jaligi, irrigatsiya, agrotexnologiya, veterinariya, o‘simlikshunoslik va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar alohida faollik ko‘rsatdilar.

Hakamlar hay’ati tarkibiga sohaning nufuzli mutaxassislari, FAO ekspertlari, taniqli fotosuratchilar kiritildi.

Toshkent davlat agrar universitetida Jahon oziq-ovqat kuniga bag‘ishlangan mazkur tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdim qilingan eng yaxshi asarlar mualliflari aniqlanib, dastlabki uch o‘rin egasi maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi. Qator ishtirokchilar rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘ldi.

- Yoshlar, talabalar qishloq xo‘jaligini yanada barqaror rivojlantirish, sohani modernizatsiya qilish, aholining doimiy o‘sib borayotgan ehtiyojini zarur suv resurslari bilan qondirish imkoniyatini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz suv xo‘jaligi salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishlariga umid bildiramiz, - dedi FAOning “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Aziz Nurbekov.

Ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishi suv resurslariga talabni oshirmoqda. Shu bilan birga so‘nggi o‘n yilliklarda sayyoramiz aholisiga to‘g‘ri keladigan toza suv miqdori 20 foiz kamaydi. Barchamiz suvni, suvsiz ishlab chiqarilmaydigan oziq-ovqatni va oziq-ovqatsiz yashay olmaydigan sayyoramizni qadrlashimiz lozim. Har birimiz kundalik hayotda suvni sarflash, iste’mol qilish va boshqarish usullarini o‘zgartirishimiz davr talabi bo‘lib qolmoqda.

B.Xudoyberdiyev,
O‘zA