Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon navoiyshunosligi platformasi yaratildi
17:35 / 2026-02-04

Alisher Navoiy butun dunyo yozuvchilari ichida eng boy leksikaga ega shaxs sifatida tavsiflanishini bilasiz. Ba’zi manbalarda Navoiy o‘z asarlarida qirq mingdan ziyod so‘zdan foydalangan deyilsa, ba’zi manbaalarda bu raqam karrasiga baland deb ham ko‘rsatiladi. Ammo qanday qilib Navoiy buncha so‘zni bilgan va foydalana olgan?

Hamma gap o‘sha davr ijtimoiy hayot tarziga boradi. Ya’ni XV asrlarda Markaziy Osiyo hududida 3 ta til: turkiy, arab va fors tillari keng tarqalgan edi. Navoiy esa ularning har biridan o‘z asarlarida mohirona foydalangan. Shu sababli Navoiy merosini o‘rganish butun jahon tilshunoslari uchun qiziq va boy mavzudir.  

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari esa dunyo bo‘ylab yoyilgan bu tadqiqotlarni bir yerga jamlashni uddaladilar. Ikki yillik izlanishlar va sayohatlardan so‘ng “Jahon navoiyshunosligi” platformasi test rejimida ishga tushdi. Ushbu platforma hozircha 8 ta tilda faoliyat yuritadi. Platformada navoiyshunoslikka doir yangiliklar, maqolalar, tadqiqotlar, tarjimalar, ta’lim dasturlari, videomateriallar va kinofilmlar joy olgan.  

- Biz bu loyiha ustida 2023-yildan buyon ishlayapmiz. Ko‘pgina kutubxonalar, ilmiy markazlar, arxivlarda bo‘lib shoir ijodining xorijda o‘rganilishiga doir tadqiqot, tarjima, axborot, albom, filmlar bilan tanishdik. Ulardan nusxalar oldik, tadqiq etishga harakat qildik. Loyiha doirasida qo‘lga kiritilgan qo‘lyozma hamda toshbosma manbalar, ilmiy maqola va monografiyalar asosida Alisher Navoiy ijodining ilmiy biografiyasi, adabiy merosini yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirishga harakat qildik, – deydi loyiha rahbari Gulnoza Sattorova.  

Platformaga kirganingizda ingliz, fransuz, nemis, rus, xitoy, turk, tojik va ozar tillaridagi maqolalarga ko‘zingiz tushadi. Bu esa Navoiy merosi Sharq va G‘arb xalqlari uchun birdek muhim va qiziqarli ekanligini isbotlaydi. Platforma hozircha test shaklida ishga tushirilgan bo‘lib, tadqiqotlar jadal davom etmoqda.  

Bu yil tavalludining 585 yilligi nishonlanayotgan Navoiy merosiga jahon hamjamiyatining kuchli qiziqishi bu tadqiqotlar hali uzoq yillar davom etishidan darak bermoqda.

Mehrojiddin Umurzoqov

O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi matbuot kotibi