Yurtimiz iste’dodlar maskani. Qaysi sohani qaramang zukko, intellektual bilimga ega yoshlar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydonda ham katta natijalarga erishib kelmoqda.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mahoratli sportchilarimiz jahon arenalarining eng nomdorlari qatoriga ko‘tarilish bilan birga, sport ta’limi sohasida ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Shunday sportchilarimizdan biri Xalqaro gimnastika Federatsiyasi tomonidan “Jahon miqyosidagi gimnastikachi” unvoni sohibasi Zamirajon Sanaqulova pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Katta sportdagi faoliyati davomida ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibligiga erishgan, Jahon chempionatlari va kubok bahslari ishtirokchisi, qit’a chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori, 12 karra O‘zbekiston chempioni Zamirajon Sanaqulova ayni paytda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida katta o‘qituvchi, xotin-qizlar kengashi a’zosi, mamlakat fijital sport federatsiyasi just danse yo‘nalishi bo‘yicha bosh murabbiyi. Uning “Yosh badiiy gimnastikachilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini optimallashtirish” mavzusida olib borgan ilmiy ishi mutaxassislar, olimlar tomonidan yuqori baholandi.

Buxoro viloyatida kamolga yetib, gimnastikachi sifatida xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan yosh olima Z.Sanaqulova bugungacha xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etish asnosida jamoatchilik ishlarida ham faollik ko‘rsatib kelmoqda.
Mehnat qilgan elda aziz deganlaridek, tinib-tinchimas, izlanuvchan sportchi olima “Yoshlar ovozi” loyihasining faollaridan biri sifatida yaqinda “Behbudiy izdoshlari” xalqaro tanlovi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Keyingi 3-4 yil oralig‘ida xalqaro toifadagi sportchi Zamirajon Sanaqulova qatorida Isroil Madrimov, Farhod To‘rayev, Abdulla Tangriyev, Bahrom Gaziyev kabi taniqli atletlar sport ta’lim tizimida olimlik darajasiga ko‘tarildiki, bu, yangi O‘zbekiston yangi imkoniyatlar mamlakati ekanining, uning olovqalb yoshlari yangicha yo‘nalishlarda ham o‘z iqtidorini namoyish etayotganining yorqin ifodasi bo‘lmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA