“Thames Water”. London yaqinida Yevropadagi eng yirik suzuvchi quyosh elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ayni damda suv omborining yuza qismida quyosh elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi qurilmani o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Muhandislarning fikricha, quyosh batareyalaridan olingan energiya Britaniyaning aholisi zich bo‘lgan shaharlaridan birini yorug‘lik va issiqlik bilan ta’minlashi hamda yaqin atrofda joylashgan tozalash inshootlarining ishini ta’minlashi kerak.
Energiya ishlab chiqaruvchi qurilma bir-biriga ulangan 61 mingta ko‘prikdan iborat bo‘lib, ularni 177 ta langar suv sathida qo‘zg‘almaydigan holatda ushlab turadi. Bu kabi ob’ektlarni ishga tushirgandan so‘ng muntazam amalga oshiriladigan texnik ishlar suv haroratining nisbatan pastligi tufayli ancha arzonga tushadi.
Global iqlim isishi: muzliklar va Tinch okeani xavf ostida
Yangi Zenlandiya yaqinida joylashgan ikkita muzlik global iqlim isishi sababli tez sur’atda erimoqda. Ikki asr davomida muzliklar maydoni 20 foizga qisqargan. Muzliklar kuniga taxminan 4 metrga siljimoqda.
Yaqinda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, agarda havo haroratining doimiy ko‘tarilishi o‘zgarmasa, Tinch okeani sathining ko‘tarilishi natijasida Kaliforniya qirg‘oqbo‘yi hududlari aholisi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ladilar. Olimlar suv sathi hozirgi darajadan taxminan 2 metrga ko‘tarilishi mumkinligi qayd etishmoqda. Luiziana shtatida suv toshqinlari va dengiz sathining keskin ko‘tarilishi oqibatida aholi Jan-Sharl orolchasiga evakuatsiya qilindi. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Tinch okeani suvlari sathining doimiy ko‘tarilishi natijasida AQSHning ayrim okruglarini 80 foizgacha suv bosishi mumkin.
Qozog‘istonda tuya suti kukuni ishlab chiqaradigan yangi zavod foydalanishga topshirildi
KAZINFORM axborot agentligi: Qozog‘istonning Iliy tumanida tuya suti kukuni ishlab chiqaradigan zavod ishga tushirildi. Zavod bir kecha-kunduzda 30 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavod Qozog‘istonda tuya sutini qayta ishlaydigan yagona korxona tarkibida tashkil etildi. Tayyor mahsulot mahalliy bozorga chiqarilishdan tashqari, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Germaniya va Fransiyaga eksport qilinadi.
Ushbu zavodga qarashli bo‘lgan fermada besh mingta tuya boqiladi. Shu yerda aholini qimiz bilan davolash maskani ham faoliyat yuritadi. Qimiz va tuya go‘shti inson organizmi uchun foydali vitaminlarga boy mahsulot sanaladi.
“Jahon matbuoti sahifalarida” turkumiga oid fikr-mulohazalaringiz, takliflaringizni pochta@uza.uz manziliga yuborishingizni so‘raymiz.
I.Abdumalikzoda tayyorladi.
O‘zA