Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
17:31 / 2024-09-20

Buyuk Britaniyada nashr etila boshlangan “EM Insight” jurnalining ilk soni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlandi.

Bosh muharrir Raza Said O‘zAga ma’lum qilishicha, dastlabki to‘plam yurtimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayoni, hukumat tomonidan jamiyatni yanada rivojlantirish uchun ishlab chiqilayotgan dastur va strategiyalar, loyihalarning hayotga tatbiq qilinishi haqida turkum maqolalar bilan boyitilgan.

– Zamonaviy taraqqiyot yo‘lini tanlagan Yangi O‘zbekistonda tub o‘zgarishlar, demokratik islohotlar, mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e’tirof etilmoqda, – dedi Raza Said O‘zA muxbiriga. – Qolaversa, respublika xorijiy tashkilotlar faoliyatida muntazam ishtirok etib, konstruktiv xalqaro hamkorlikni tobora kuchaytirmoqda. Jadal olg‘a odimlayotgan O‘zbekiston rivojlangan demokratik davlatlar amaliyotiga to‘liq moslashishi uchun islohotlarni davom ettirishi zarur. Zero, doimiy ravishda takomillashish sari intilish har qanday mamlakat istiqboli uchun muhim.

Nashr global tahdidlar sharoitida tashqi siyosatning yangi, ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat tuzilmalarida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratgan. Fuqarolar huquqini himoya qilish maqsadida sud-huquq tizimini isloh qilish, atrof-muhitni muhofazasini ta’minlash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish borasidagi tashabbuslar haqida ham so‘z yuritilgan.

Qolaversa, “EM Insight” jurnalining debocha sonidan o‘zbek milliy madaniyatini rivojlantirish, boy merosimizni asrab-avaylash, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash hamda tibbiy xizmat sifati va imkoniyatini oshirishga qaratilgan islohotlar aks etgan materiallar ham o‘rin olgan. Bundan tashqari O‘zbekistonda inson huquqini himoya qilish va jamiyatni demokratlashtirish istiqboli haqida tasavvur beruvchi maqolalarga ham joy ajratilgan.

O‘tkir Alimov, O‘zA