Jahon kubogidagi navbatdagi medal
Misr poytaxti Qohirada o‘tkazilayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichida terma jamoamiz navbatdagi medalni qo‘lga kiritdi.
Bu safar yosh umidli vakilamiz Dildora Aripova sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Erkin mashq dasturida ishtirok etgan Dildora Aripova o‘zining texnik jihatdan ancha murakkab bo‘lgan chiqishini maromida bajara oldi va yakunda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Vakilamiz faqat vengriyalik Dorina Boyetsoyegodan ortda qoldi xolos. Kuchli uchlikka kanadalik Lauri Denomi yakun yasab berdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha tayanib sakrash dasturida Oksana Chusovitina ham kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Shu tariqa delegatsiyamiz mazkur musobaqada 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritib turibdi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.
Z.JONIBEKOV, O‘zA