Jahon kubogida sambochilarimiz 18 medalni qo‘lga kiritdi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasida poyoniga yetgan jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 18 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Jahon kubogining birinchi kunida 10 ta medalga ega chiqqan sambochilarimiz ikkinchi kuni 1 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

12 ta davlatning 178 nafar sambochilari qatnashgan bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Beknazar To‘raqulov +98 kilogrammda barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqdi.
Mahoratli sambochilarimizdan Islom Nosirov va Shoxruhbek G‘afurov o‘z vazn toifalarida kumush, Ibrat Habibullayev, Suhrob Ergashev, Mirzatillo Egamnazarov, Hayotjon Umarov va Gulina Obloqulova bronza medallari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA